MEN O‘ZBEKMAN!
2026-10-21 10:20:00 / Yangiliklar

Ba’zan butun bir xalqning tarixi, g‘ururi, orzu-armonlari va Vatan sog‘inchini ifodalash uchun uzundan-uzoq nutq shart emas. Bor-yo‘g‘i ikki og‘iz so‘z kifoya: «Men o‘zbekman!»
Til, millat va Vatan haqida o‘ylaganimda rejissyor Zulfiqor Musoqovning «Vatan» filmi ko‘z oldimda gavdalanadi. Ayniqsa, filmning yakunini har gal o‘zgacha hayajon bilan tomosha qilaman.
Keksaygan insonning ona yurtiga talpinishi, qadrdon zamin bag‘ridagi og‘ir va o‘ychan qadamlari... So‘ng samolyot saloni. Amerikada tug‘ilib o‘sgan, o‘zga muhitda kamol topgan, hayotda o‘z o‘rnini topgan insonning ko‘zlarida yosh qalqiydi. U qalbining tub-tubida yashab kelgan haqiqatni anglaydi. Nihoyat, o‘zining kimligini butun vujudi bilan his etadi.
«Men o‘zbekman!»
Filmning butun falsafasi, menimcha, ana shu ikki so‘zga jo bo‘lgan.
Bu oddiy tanishtiruv emas. Bu — o‘z ildizini anglash, ajdodlari bilan qalban yuzlashish, Vatan degan muqaddas tuyg‘uni yurakdan o‘tkazishdir.
Shu sahnani ko‘rganimda o‘ylanib qolaman: inson o‘z ona yurtidan minglab chaqirim olisda tug‘ilishi, boshqa tilda ta’lim olishi, o‘zga muhitda ulg‘ayishi mumkin. Ammo uning qalbida ajdodlaridan meros bo‘lib qolgan bir tuyg‘u yashayverar ekan. Bir kun kelib, o‘sha tuyg‘u uyg‘onar ekan.
Men esa o‘z yurtimda, o‘z xalqim orasida, o‘z ona tilimda erkin so‘zlashib yashayotgan insonman. Buning o‘zi qanchalar katta baxt!
Ha, men o‘zbekman!
O‘zbekligimdan, ona tilimning boyligi va go‘zalligidan faxrlanaman. Farzandlarimni o‘zbekcha tarbiyalayotganimdan, ularning qalbiga ona tilimiz bilan birga milliy qadriyatlarimizni ham singdirayotganimdan g‘ururlanaman.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro minbarlarda o‘zbekcha kalom yangraganda ko‘nglim tog‘dek ko‘tariladi. Sportchilarimiz g‘alaba shohsupasiga ko‘tarilib, ularning sharafiga «Serquyosh hur o‘lkam...» deya boshlanuvchi Davlat madhiyamiz yangraganda ko‘zlarimga beixtiyor yosh keladi.
Bu — millatimning ovozi. Bu — Vatanimning dunyoga taralayotgan sadosi!
Afg‘onistonda yashayotgan millatdoshimiz o‘zbek tilida qo‘shiq kuylasa, qalbimga yaqin ohanglarni eshitaman. Qo‘shni mamlakatlarda ona tilimizda nashr etilayotgan gazetalarni varaqlasam, ularning har bir sahifasida o‘zbek so‘zining umri davom etayotganini his qilaman.
Faoliyatim taqozosi bilan Tojikistonda yashayotgan millatdoshlarimiz bilan muloqot qilib turaman. Ularning o‘zbek tiliga bo‘lgan cheksiz mehri va sadoqatini ko‘rib, quvonaman. O‘zga yurtda yashab, ona tilini asrash, uni farzandlariga o‘rgatish qanchalar katta fidoyilik ekanini yanada chuqurroq anglayman.
Tojikistondagi millatdoshlarimiz bilan har bir suhbatim menga bir haqiqatni yanada chuqurroq anglatadi: xalqlarning do‘stligi faqat rasmiy munosabatlar bilan emas, tilga, madaniyatga, bir-birining qadriyatlariga bo‘lgan o‘zaro hurmat bilan ham mustahkamlanadi.
Amerikada, Yevropada va dunyoning boshqa mintaqalarida yashayotgan, o‘zbekligini unutmagan, farzandlariga milliy urf-odatlarimizni o‘rgatayotgan vatandoshlarimiz ham men uchun g‘urur manbai.
Chunki Vatan faqat xaritadagi hudud emas. Vatan — insonning xotirasida, qalbida, ona tilida ham yashaydi.
Bugun — 21-oktyabr, O‘zbek tili bayrami kuni.
Men uchun ona tilim — onamdan eshitgan mehrli so‘zlarim, bolaligimning unutilmas xotiralari, xalqimning o‘tmishi va farzandlarimning kelajagidir.
«Vatan» filmining yakunidagi o‘sha hayajonli lahzalarni yana bir bor eslayman. Olis Amerikada ulg‘aygan inson o‘zligini anglash uchun qalban qanchalar uzoq yo‘l bosdi!
Biz esa bu baxtning bag‘rida yashayapmiz.
Shunday ekan, o‘zligimizga, tilimizga, Vatanimizga bo‘lgan muhabbatni hech qachon oddiy holdek qabul qilmaylik.
Men o‘zbekman!
Bu ikki so‘z men uchun shunchaki faxr ifodasi emas.
Bu — ajdodlarimiz xotirasiga hurmat, ona tilimizga sadoqat va kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyatdir.
Shuhrat Suyunov,
“O‘zbekiston-Tojikiston” do‘stlik jamiyati
ijrochi direktori
