Suv xavfsizligi va mintaqaviy ishonch: O‘zbekistonning amaliy tashabbuslari
2026-10-15 10:05:00 / Yangiliklar

2026-yil 15-oktabrda Boku shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Kengash Osiyo davlatlari o‘rtasida muloqot, o‘zaro ishonch, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni mustahkamlashga xizmat qiladigan yirik ko‘p tomonlama platforma hisoblanadi. Sammit arafasida suv xavfsizligiga faqat tabiiy resurs masalasi sifatida emas, balki davlatlar o‘rtasidagi ishonch va amaliy hamkorlikni mustahkamlaydigan strategik yo‘nalish sifatida qarash tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Suv – ishonch talab qiladigan strategik resurs
Daryolar ma’muriy chegaralarga bo‘ysunmaydi. Tog‘larda shakllangan suv bir necha mamlakat hududidan oqib o‘tadi, yuqori oqimdagi qarorlar esa quyi oqimdagi aholi, qishloq xo‘jaligi, energetika va ekotizimlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois transchegaraviy suv munosabatlarida aniq hisob, ma’lumot almashish, prognozlarni muvofiqlashtirish va tomonlar manfaatini hisobga olish muhim ahamiyatga ega.
Markaziy Osiyo uchun bu masala ayniqsa dolzarb. Amudaryo va Sirdaryo havzalari mintaqa davlatlarining suv, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini o‘zaro bog‘lab turadi. Iqlim o‘zgarishi esa mavjud muammolarni yanada murakkablashtirmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 4-aprel kuni Samarqand xalqaro iqlim forumida Amudaryo va Sirdaryo suv oqimi qisqarishi natijasida 2040-yilga borib Markaziy Osiyo mamlakatlari yuqori darajadagi suv taqchilligiga duch kelishi mumkinligini ta’kidlagan edi.
O‘zbekiston yondashuvi: suvni hamkorlik omiliga aylantirish
So‘nggi yillarda O‘zbekiston suv masalasiga milliy resurslarni boshqarish vazifasi bilan bir qatorda mintaqaviy hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida yondashmoqda. Bu siyosatning asosiy mazmuni – suvni ziddiyat manbai emas, o‘zaro manfaatli hamkorlik va barqaror taraqqiyot omiliga aylantirish.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yilda Ostona shahrida o‘tkazilgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning VI sammitida ekologiya va iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish, “Yashil Osiyo” konseptual dasturi doirasida mamlakatlarni ko‘kalamzorlashtirish va zaif ekotizimlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha doimiy ekspert maslahatlashuvlarini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surgan edi. Mazkur yondashuv bugun ham Osiyo miqyosida ekologik va suv muammolarini hamkorlik asosida hal etish g‘oyasi bilan uyg‘un.
O‘zbekiston tashabbuslarining yana bir muhim yo‘nalishi – 2026–2036-yillarni Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi deb e’lon qilish taklifidir. Shu bilan birga, Afg‘onistonni Amudaryo havzasida suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti huzurida Mintaqaviy suv xo‘jaligi kompetensiyalari markazini tashkil etish hamda mintaqada Suv haftaligini muntazam o‘tkazish tashabbuslari ilgari surilgan.
Orol tajribasi – umumiy mas’uliyat sabog‘i
O‘zbekistonning suv xavfsizligi masalasini xalqaro maydonlarda faol ko‘tarishi uchun jiddiy tarixiy asos bor. Orol dengizining qurishi suv resurslaridan foydalanishda uzoq muddatli oqibatlarni yetarlicha hisobga olmaslik qanday og‘ir ekologik va ijtimoiy natijalarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatdi. Shu sababli mamlakatimiz pozitsiyasi suvdan bir tomonlama yoki qisqa muddatli manfaatlar asosida foydalanish o‘rniga umumiy mas’uliyat, kelishilgan harakat va o‘zaro ishonch tamoyillariga tayanadi.
2026-yil aprelida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasida O‘zbekistonning 2027–2029-yillar uchun Jamg‘armaga raisligi belgilandi. Davlatimiz rahbari Jamg‘armaning institutsional va huquqiy asoslarini takomillashtirish, suv-energetika va ekologik kun tartibini faollashtirish, Afg‘onistonni mintaqaviy hamkorlikka jalb etish, suv madaniyatini oshirish va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni kengaytirish kabi yo‘nalishlarga e’tibor qaratdi. Bu vazifalar transchegaraviy suv munosabatlarini yanada ochiq va prognozli qilishga xizmat qiladi.
Aniq hisob va raqamlashtirish – amaliy ishonch poydevori
Suv sohasidagi ishonch avvalo ishonchli ma’lumotga tayanadi. Daryoda, suv omborida va kanallarda qancha suv borligi, iste’molchiga qancha yetkazilgani va yo‘qotishlar hajmi aniq hisoblanmasa, samarali boshqaruv ham, adolatli taqsimot ham qiyinlashadi. Shu bois O‘zbekistonda suv hisobini raqamlashtirish islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Sohada 10 ta axborot tizimi ishlab chiqilib, ularni birlashtiruvchi “Suv xo‘jaligi yagona platformasi” yaratildi. Suv resurslarini hisobga olish va nazorat qilish uchun 13 ming 305 ta “Aqlli suv” qurilmasi, meliorativ kuzatuv quduqlariga 12 ming 809 ta “Diver” qurilmasi o‘rnatildi. 1 ming 914 ta nasos stansiyasi suv hisoblash qurilmalari bilan jihozlandi, 108 ta yirik suv xo‘jaligi obyekti avtomatlashtirildi. Yirik suv omborlarida suv sathi va hajmini onlayn kuzatish tizimlari joriy etilmoqda. Bunday raqamlashtirishning asosiy maqsadi – suv qayerdan keldi, qayerga yetkazildi va qancha yo‘qotildi, degan savollarga tezkor va aniq javob olish.
Suvni tejash – milliy islohotdan mintaqaviy natija sari
O‘zbekiston suv masalasida murakkab tabiiy sharoitga ega: mamlakat foydalanadigan suv resurslarining 80–85 foizi respublika hududidan tashqarida shakllanadi. Shuning uchun ichki tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish, suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovini oshirish va infratuzilmani modernizatsiya qilish nafaqat iqtisodiy, balki strategik ahamiyatga ega.
2017-yilda suv tejovchi texnologiyalar 28 ming gektar maydonda qo‘llanilgan bo‘lsa, 2025-yil yakuniga kelib ularning qamrovi 2,6 million gektarga, ya’ni sug‘oriladigan maydonlarning qariyb 60 foiziga yetdi. 2026-yil boshidan buyon yana 640 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi. Shu bilan birga, kanallarni betonlash, ochiq tarmoqlarni zarur joylarda yopiq quvurli tizimlarga o‘tkazish va gidrotexnika inshootlarini rekonstruksiya qilish hisobiga manbadan iste’molchigacha bo‘lgan yo‘qotishlarni kamaytirishga e’tibor kuchaytirilmoqda.
2026-yilda irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishga davlat budjetidan 4,1 trillion so‘m ajratildi. Joriy yilning o‘tgan davrida 824 kilometr kanal betonlashtirildi. Bu ko‘rsatkichlar islohotlarning asosiy mezoni emas, balki amaliy vositasidir. Eng muhim natija – tejalgan suv miqdori, barqaror suv ta’minoti va har bir kub metr suvdan olinayotgan samara bilan o‘lchanishi kerak.
Boku sammiti: ishonchning yangi kun tartibi
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning asosiy maqsadi – muloqot va ishonchni mustahkamlash. 2002 yilgi Olmaota aktida Osiyoda tinchlik, erkinlik va farovonlikka asoslangan umumiy va bo‘linmas xavfsizlik makonini shakllantirish g‘oyasi belgilab berilgan. Bugun Kengashning institutsional rivojlanishi yangi bosqichga chiqmoqda: Boku sammitida tashkilotning huquqiy maqomini mustahkamlashga qaratilgan Xartiya loyihasini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Ozarbayjon raisligining o‘zaro bog‘liqlik, raqamlashtirish va Osiyoda barqaror o‘sishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlari suv xavfsizligi masalalari bilan ham bevosita bog‘liq. Chunki samarali suv boshqaruvi raqamli hisob va monitoringni, iqlim o‘zgarishiga moslashish esa ma’lumot almashish, erta ogohlantirish va qo‘shma prognozlash mexanizmlarini talab qiladi.
Shu ma’noda, O‘zbekiston ilgari surayotgan tashabbuslar – “Yashil Osiyo” doirasidagi hamkorlik, suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha o‘n yillik, Afg‘onistonni mintaqaviy muloqotga jalb etish, Suv haftaligini o‘tkazish, kadrlar tayyorlash, raqamli suv hisobi va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish – bir maqsadga xizmat qiladi: ishonchni amaliy hamkorlik bilan mustahkamlash.
XXI asrda suv xavfsizligi davlatlarning qancha resursga egaligi bilangina emas, mavjud suvni qanchalik oqilona boshqarishi, yo‘qotishlarni qay darajada kamaytirishi, ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlashi va umumiy xavflarga birgalikda javob berish qobiliyati bilan ham belgilanadi. Boku sammiti ana shu nuqtai nazardan suvni raqobat manbai emas, muloqot, tejamkorlik va sheriklik omiliga aylantirishga qaratilgan yondashuvlarni muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘ladi.
Suv sohasida shakllangan ishonch oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik muvozanat va iqtisodiy barqarorlik uchun ham mustahkam asos yaratadi. Shu bois mintaqada suv bo‘yicha ochiq muloqot, aniq hisob, ilmiy hamkorlik va zamonaviy texnologiyalarni kengaytirish – umumiy xavfsizlik arxitekturasining ajralmas qismiga aylanmoqda.
Zokir Ishpulatov,
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari –
Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori
