Rasmiy munosabat
2026-10-14 17:45:00 / Yangiliklar

Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
“Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasida nazorat organlari tomonidan faoliyatni o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilgan.
Ta’kidlash joizki, bunday o‘rganishlarning asosiy maqsadi muassasa faoliyatida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, mavjud kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar belgilashdan iborat.
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan xabarda katta miqdorda moliyaviy zarar yetkazilgani haqida da’volar ilgari surilgan. Biroq xabarda mazkur da’volarni tasdiqlovchi rasmiy hujjatlar yoki aniq dalillar keltirilmagan.
Suv xo‘jaligi vazirligi o‘z tizimida qonuniylik, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, moliyaviy intizomni mustahkamlash hamda korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga ustuvor ahamiyat qaratadi.
Vazirlik vakolatli davlat organlari bilan qonunchilik doirasida hamkorlik qilishga tayyor bo‘lib, har qanday holatga xolis va qonuniy baho berilishi tarafdoridir.
Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq faollarini ma’lumotlarni tarqatishda xolislikka, tekshirilgan faktlarga tayanishga chaqiramiz.
Suv xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmati
