SUV XIZMATIDAGI FIDOYI AYOL
2026-10-13 16:45:00 / Yangiliklar

Suvning qadrini uning har tomchisini hisobga olib, dehqon dalasiga o‘z vaqtida yetib borishi uchun mas’uliyat bilan mehnat qiladigan insonlar yaxshi biladi. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida suv taqsimotining aniqligi, hisob-kitobning to‘g‘ri yuritilishi va suvdan oqilona foydalanishda gidrometrlarning xizmati beqiyos.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasida texnik gidrometr vazifasida faoliyat yuritayotgan Manzura Nuraliyeva ana shunday mas’uliyatli kasb egalaridan. Uning suv xo‘jaligi sohasidagi mehnat faoliyatiga 30-yil bo‘ldi.
Manzura Nuraliyevaning kundalik mehnati suv sarfi haqidagi ma’lumotlarni aniq qayd etish, hisob-kitoblarni yuritish, belgilangan tartibda ma’lumotlarni taqdim etishdan iborat. Bugun qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan tejamkor va oqilona foydalanish tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan bir paytda gidrometrlar zimmasidagi mas’uliyat ham ortib bormoqda. Chunki suv hisobining aniqligi uni adolatli taqsimlash va isrofgarchilikning oldini olishga xizmat qiladi.
Manzura opaning mehnat yo‘lidagi yana bir e’tiborli jihat — ustozlik. U ko‘p yillik faoliyati davomida orttirgan tajribasini shogirdlariga o‘rgatib, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini shakllantirishga hissa qo‘shib kelmoqda.
Gidrometrlikda nazariy bilimning o‘zi kifoya qilmaydi. Suv sarfini to‘g‘ri aniqlash, o‘lchov natijalarini solishtirish, hujjatlarni aniq yuritish va har bir ko‘rsatkichga mas’uliyat bilan yondashish amaliy tajriba orqali mustahkamlanadi. Shu ma’noda, tajribali mutaxassislarning yoshlarga bergan saboqlari sohaning ertangi kuni uchun ham muhimdir.
Manzura Nuraliyevaning 30-yillik mehnat faoliyati ham ana shu mas’uliyatli sohaning bir qismi. Uning kasbiga sadoqati, tajribasini shogirdlariga o‘rgatishi va suv xo‘jaligi tizimidagi faoliyati qishloq ayollarining mehnatsevarligi hamda jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini ifoda etadi.
Xalqaro qishloq ayollari kuni arafasida Manzura Nuraliyeva singari o‘z kasbiga mehr qo‘ygan, yillar davomida halol mehnat qilib, yosh avlodga tajriba ulashayotgan ayollar faoliyatiga e’tibor qaratish ayniqsa ahamiyatlidir.
Sirdaryo-So‘x ITHB matbuot xizmati
