Suv xo‘jaligi sohasining fidoyi ayollari e’tirof etildi
2026-10-13 11:45:00 / Yangiliklar

Tadbirda Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Agrar soha ayollari” uyushmasi, “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi”, tizim tashkilotlari vakillari, hududlardan kelgan faol va tashabbuskor xotin-qizlar ishtirok etdi.
Marosimda Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev so‘zga chiqib, ishtirokchilarni Xalqaro qishloq ayollari kuni bilan tabrikladi hamda sohada mehnat qilayotgan xotin-qizlarning fidoyiligi, kasbiy mahorati va jamiyat hayotidagi o‘rnini alohida e’tirof etdi.
– Suv xo‘jaligi – sharafli, ayni paytda g‘oyat mashaqqatli kasb. Kanallar, nasos stansiyalari va gidrotexnika inshootlarida, dalada, laboratoriyalarda, muhandislik va boshqaruv sohalarida mehnat qilayotgan suvchilarning zimmasida katta mas’uliyat bor. Ayniqsa, yozning jaziramasida, qishning sovug‘ida ham xalqimizga suv yetkazib berish yo‘lida xizmat qilayotgan insonlar mehnati har qanday e’tirofga munosib.
Quvonarlisi, ana shunday murakkab va mas’uliyatli sohada xotin-qizlarimiz erkaklar bilan yelkama-yelka, birdek fidoyilik va matonat bilan mehnat qilmoqda. Ular nafaqat o‘z kasbining mohir mutaxassisi, balki oilalarining mehribon bekasi, farzandlarining tarbiyachisi hamdir, – dedi Shavkat Xamrayev.
Mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, kasbiy salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Suv xo‘jaligi tizimida ham ushbu yo‘nalishda izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, vazirlik va idoralar orasida birinchilardan bo‘lib sohada gender konsepsiyasi ishlab chiqilgan. U xotin-qizlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda kasbiy va rahbarlik salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan.
Bugungi kunda vazirlik tizimida 33 ming nafardan ortiq xodim mehnat qilayotgan bo‘lsa, ularning qariyb 2 ming 200 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.
Tadbirda sohada mehnat qilayotgan ayollarni rag‘batlantirish, ularning ilg‘or tajribasini ommalashtirish va yosh avlodga ibrat sifatida ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi.
Bu yilgi “Suv xo‘jaligi sohasining ayoli – 2026: Kasbim – faxrim” tanlovi Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi” doirasida tashkil etildi.
Tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan ishtirok etgan suvchi ayollar o‘z kasbiy mahorati, tashabbuskorligi, boy tajribasi va kasbiga sadoqatini namoyon etdi.
Marosimda tanlov g‘oliblari tabriklanib, ularning suv xo‘jaligi sohasi rivojiga qo‘shayotgan hissasi e’tirof etildi. Tadbir davomida xotin-qizlarning sohadagi faolligini yanada oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, kasbiy o‘sishi va rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyatlar yaratish muhim vazifalardan ekani qayd etildi.
O‘zbekiston hamda Tojikiston xalq artisti Matluba Dadaboyeva ijrosidagi “Sen o‘zingni asragil ayol!” qo‘shig‘i davraga ko‘tarinki kayfiyat va fayz baxsh etdi.
Suv xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmati
