KASBIDAN QADR TOPGAN AYOL
2026-10-10 20:35:00 / Yangiliklar

Suv — hayot manbai. Uni qadrlash, har tomchisini asrash, odamlarga o‘z vaqtida yetkazib berish esa katta mas’uliyat. Ayniqsa, suv taqchil hududlarda bu vazifaning zalvori yanada yaqqol seziladi.
Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida ana shunday mas’uliyatli kasbni tanlagan, umrini suv xo‘jaligi sohasiga bag‘ishlagan fidoyi ayollar bor. Ulardan biri — 17-yildan buyon suv xo‘jaligi tizimida mehnat qilib kelayotgan Gulnur Alimbetova.
Orzular sari ilk qadam
Har bir insonning hayotda o‘z yo‘li, tanlagan kasbi bo‘ladi. Gulnur ham yoshligidan kelajagini bilim olish, el-yurtga naf keltiradigan kasb egasi bo‘lish bilan bog‘ladi.
2005-yilda Qo‘ng‘irot tumanidagi 53-sonli umumta’lim maktabini tamomlab, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining Gidromelioratsiya fakultetiga o‘qishga kirdi. «Suv resurslarini boshqarish» yo‘nalishida tahsil olib, 2009-yilda oliy ma’lumotli mutaxassis sifatida mehnat faoliyatini boshladi.
Suv xo‘jaligi — faqat kabinetda o‘tirib, qog‘oz bilan ishlaydigan soha emas. Bu kasb suvning harakatini, kanallarning holatini, har bir hududning suvga bo‘lgan ehtiyojini yaxshi bilishni talab qiladi. Bunda nazariy bilim bilan birga amaliy tajriba ham muhim o‘rin tutadi.
Gulnur mehnat faoliyatining dastlabki yillaridanoq ana shu haqiqatni angladi.
Ustoz o‘giti — kasbga sadoqat maktabi
Har qanday yetuk mutaxassisning shakllanishida ustozning o‘rni beqiyos.
Gulnurning ham kasb sirlarini puxta egallashida tajribali suvchi Sultonboy Berdimuratovning hissasi katta bo‘ldi. U ustozidan suvni hisobga olish, o‘lchash, taqsimlash, ish jarayonida yuzaga keladigan muammolarga yechim topish kabi muhim ko‘nikmalarni o‘rgandi.
Yillar o‘tdi. Kechagina ustozining maslahatlariga quloq tutib, kasb sirlarini o‘rgangan yosh mutaxassis bugun o‘zi ham tajribali suvchiga aylandi.
Endilikda u bilganlarini yosh hamkasblariga o‘rgatmoqda. Zero, suv xo‘jaligida bilim va tajriba avloddan avlodga, ustozdan shogirdga o‘tib, yanada boyib boradi.
Suvning har tomchisi hisobda
Gulnur Alimbetova mehnat faoliyati davomida muhandis-gidrotexnik, bosh gidrometr lavozimlarida ishladi. Suv sarfini o‘lchash, uning hisobini yuritish, mavjud resurslarni iste’molchilar o‘rtasida taqsimlash kabi mas’uliyatli vazifalarni bajardi.
Bugun u Qo‘ng‘irot tumani «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasida suv resurslaridan foydalanish yo‘nalishi bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimida mehnat qilmoqda.
Bir qarashda suv hisobini yuritish oddiy ishdek tuyulishi mumkin. Aslida esa har bir raqam ortida katta mas’uliyat bor. Chunki suvning o‘z vaqtida va belgilangan miqdorda yetkazib berilishi dehqonning hosili, fermerning mehnati, minglab insonlarning turmushi bilan chambarchas bog‘liq.
Ayniqsa, suv qadri baland bo‘lgan Qoraqalpog‘iston sharoitida bu mas’uliyat yanada ortadi.
Suvchi uchun kanaldan oqayotgan suv shunchaki tabiiy resurs emas. U — dalaga baraka, dehqonga umid, elga rizq-ro‘z yetkazuvchi hayot manbai.
Mashaqqatli kasbning matonatli ayollari
Odatda, suv xo‘jaligi deganda ko‘z oldimizga kanallar, nasos stansiyalari, gidrotexnik inshootlar va ularda mehnat qilayotgan erkaklar keladi.
Ammo bu sohada ayollarning ham munosib o‘rni bor.
Bugun Qo‘ng‘irot tumani «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasida 15 nafar xotin-qiz erkak hamkasblari bilan yelkama-yelka mehnat qilmoqda.
Ularning faoliyati kanallar, suv o‘lchash inshootlari, fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqalariga suv yetkazib berish bilan bog‘liq jarayonlarni qamrab oladi.
Suvchi ayol uchun ham bu kasbning o‘ziga yarasha mashaqqati bor. Suv mavsum tanlamaydi, uning hisob-kitobi va taqsimoti doimiy e’tiborni talab qiladi. Har bir vazifa ortida aniqlik, sabr-toqat va mas’uliyat mujassam.
Gulnur Alimbetova singari mutaxassislar ana shunday mehnati bilan sohada ayollar ham o‘z bilim va tajribasi, kasbiy mahorati bilan munosib o‘rin egallashini amalda ko‘rsatib kelmoqda.
E’tirofga munosib mehnat
15-oktyabr — Xalqaro qishloq ayollari kuni.
Bu sana bizga qishloq hayotining turli jabhalarida mehnat qilayotgan, o‘zining bilim va tajribasi, matonati bilan jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan xotin-qizlarning mehnatini yana bir bor qadrlash imkonini beradi.
Gulnur Alimbetovaning hayot yo‘li ham ana shunday fidoyilikning bir namunasi. U tanlagan kasbiga sodiq qolib, yillar davomida orttirgan bilimi va tajribasini el-yurt manfaatiga yo‘naltirib kelmoqda.
Suvning har tomchisini asrash, uni hisob-kitob bilan taqsimlash, dehqonga o‘z vaqtida yetkazib berish — bu ishlar har doim ham ko‘zga tashlanavermaydi. Ammo ularning natijasi dalalarda, hosilda, odamlar hayotida namoyon bo‘ladi.
Zero, suvchi mehnatining qadri suvga ehtiyoj sezilgan har bir manzilda bilinadi.
Suvga umrini bag‘ishlagan insonlar bor ekan, dalalarga hayot, dehqon ko‘ngliga umid kirib boraveradi.
G‘. Otajonov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi.
