IJTIMOIY TARMOQLARDA AMUDARYONING QURIB BORAYOTGANI HAQIDA TARQALGAN XABARLAR YUZASIDAN RASMIY MUNOSABAT
2026-10-10 10:15:00 / Yangiliklar

Amudaryo Tojikiston va Afg‘oniston hududlaridagi tog‘lardan boshlanuvchi Panj va Vaxsh daryolarining qo‘shilishidan hosil bo‘ladi. Kofarnihon daryosi ham Amudaryoning yirik irmoqlaridan biri hisoblanadi.
Amudaryo havzasining yuqori qismida, Tojikiston hududidagi Vaxsh daryosida Nurek suv ombori joylashgan. 2026-yil 9-oktyabr kuni olingan ma’lumotlarga ko‘ra, suv omboriga sekundiga 408 kub metr suv kirmoqda, undan chiqarilayotgan suv miqdori esa sekundiga 320 kub metrni tashkil etmoqda. Suv omboridagi suv hajmi 10 milliard 540 million kub metrga teng.
Amudaryoning O‘zbekiston hududiga kirib keladigan qismidagi suv sathi Termiz gidropostida kuzatiladi. 2026-yil 9-oktyabr kuni ushbu gidropostda suv sathi 239 santimetrni tashkil etib, 2025-yilning shu davriga nisbatan 27 santimetr yuqori bo‘lgan.
Shuningdek, Kerki gidropostida ayni paytda suv sarfi sekundiga 499 kub metrni tashkil etmoqda. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan sekundiga 63 kub metrga kam.
Mazkur gidrologik ko‘rsatkichlar Amudaryoda suv oqimi saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.
Ta’kidlash joizki, sentyabr–oktyabr oylarida daryolarda suv sarfi va sathining pasayishi mavsumiy gidrologik jarayon hisoblanadi. Vegetatsiya mavsumi yakunlanishi munosabati bilan suv omborlarida keyingi mavsum ehtiyojlari uchun suv zaxiralari to‘planmoqda.
Suv xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmati
