DAVLAT TILIGA EHTIROM — SIFATLI BOSHQARUV VA ZAMONAVIY SUVCHILIK MEZONI
2026-10-07 10:00:00 / Yangiliklar

21-oktyabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan tarixiy sana. 1989-yil 21-oktyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida»gi Qonun milliy o‘zlik, davlatchilik va tafakkur taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi. Bugun bu sana davlat tilining davlat boshqaruvi, ilm-fan, raqamli texnologiyalar va professional kadrlar salohiyatidagi o‘rnini yana bir bor baholash uchun ham muhim.
Suv xo‘jaligi kabi mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan strategik sohada tilga munosabat oddiy imlo masalasi bilan cheklanmaydi. Xodim murakkab fikrni davlat tilida aniq va huquqiy jihatdan to‘g‘ri ifodalay olishi, sohaviy atamalarni bilishi, zarur ma’lumotni tez topib, mazmunli javob bera olishi kerak. Demak, davlat tilini bilish bugun kasbiy salohiyatning ham muhim qismiga aylanmoqda.
So‘nggi yillarda qabul qilingan qator farmon va qarorlar davlat tilining nufuzini oshirishning huquqiy asosini mustahkamladi. Xususan, 2026-yil 7-avgustda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining «Respublikada davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu yo‘nalishdagi ishlarni amaliy mexanizmlar bilan boyitdi.
Qarorda davlat tashkilotlarida ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchining vazifa va vakolatlari aniq belgilandi. Endi talab «hujjat o‘zbek tilida yozilsin» degan yondashuv bilan cheklanmaydi. Hujjat davlat tilida sifatli, aniq, tushunarli, huquqiy jihatdan puxta va zamonaviy elektron muhit talablariga mos bo‘lishi kerak.
Bu talab suv xo‘jaligi tizimi uchun ayniqsa dolzarb. Chunki sohada har kuni xizmat xatlari, topshiriqlar, hisobotlar, texnik xulosalar, loyiha hujjatlari, dalolatnomalar va shartnomalar bilan ishlanadi. Birgina noaniq ibora mazmunning noto‘g‘ri talqin qilinishiga, ayrim hollarda esa boshqaruv qarorining samarasiga ta’sir qilishi mumkin. Demak, tilga qo‘yilayotgan talab, avvalo, kadr sifatiga qo‘yilayotgan talabdir.
Shu nuqtayi nazardan, qaror ijrosini faqat o‘tkazilgan tadbirlar bilan o‘lchash yetarli emas. Uni zamonaviy suvchi mutaxassisni shakllantirishga xizmat qiladigan tizim sifatida ko‘rish lozim. Davlat tili va ma’naviyat masalalari bo‘yicha maslahatchining vazifasi ham hujjatlarni tekshirish bilan cheklanmay, til, kitobxonlik, kasbiy bilim, raqamli ko‘nikma va ma’naviyatni bir-biri bilan bog‘laydigan muhit yaratishni qamrab olishi kerak.
Shu maqsadda vazirlik tizimida natijaga asoslangan baholash tamoyillari joriy etilmoqda. Har chorak yakunida «Vazirlik tizimida davlat tili va ma’naviyat: 100 kunlik natija» asosida hujjatlardagi xatolarning kamayishi, kitobxonlik va kasbiy bilim darajasi, tezkor savol-javob natijalari, raqamli ko‘nikmalar hamda sun’iy intellektdan foydalanish salohiyati baholanadi.
Bu jarayonda 2030-yilga borib har bir xodim uchun bir nechta bazaviy kompetensiya ustuvor ahamiyat kasb etadi. Ular — davlat tilida professional muloqot qilish, normativ hujjatlarni tez topish va mazmunini anglash, mustaqil fikrlash, kitobxonlik hamda savollarga tezkor va asosli javob berish. Bunda xodimdan barcha ma’lumotni yod bilish emas, savolning mohiyatini tez anglash, o‘z vakolati doirasida aniq javob berish va zarur manbani ko‘rsata olish talab etiladi.
Bu ko‘nikmalar raqamli savodxonlik bilan to‘ldiriladi. Elektron hujjatlar, ma’lumotlar bazasi, analitik dasturlar, GIS, elektron xaritalar, raqamli monitoring vositalari va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish zamonaviy mutaxassisning ish jarayoniga tobora chuqur kirib bormoqda. Shu bilan birga, axborotni tanqidiy baholash va soxta ma’lumotlarni ajrata bilish ham zarur.
Shu bois professional madaniyatni faqat nutq va muomala madaniyati bilan cheklab bo‘lmaydi. Qonunchilikni bilish, axborot bilan ishlash, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish, jamoada to‘g‘ri munosabat o‘rnatish va o‘z mehnatining jamiyat farovonligiga ta’sirini anglash bir-biri bilan bog‘liq ko‘nikmalardir. Suv xo‘jaligidagi islohotlar samarasi ham ko‘p jihatdan shunday kadrlarga bog‘liq.
Bu vazifalarni amalga oshirishda kitobxonlik alohida o‘rin tutadi. Tizimda kitob o‘qishni bir martalik ma’naviy tadbir emas, kasbiy rivojlanish vositasiga aylantirishga e’tibor qaratilmoqda. Har bir xodim yiliga kamida 4 ta badiiy, 4 ta kasbiy-sohaviy va 2 ta zamonaviy boshqaruv yoki shaxsiy rivojlanishga oid kitob o‘qib, ular asosida qisqa tahliliy esse yozishi belgilangan. Bunda maqsad kitob sonini ko‘paytirish emas, o‘qilgan asarni fikr va amal bilan bog‘lashdir. Badiiy adabiyot dunyoqarash va til boyligini, kasbiy kitoblar sohaviy bilimni, boshqaruvga oid asarlar esa qaror qabul qilish va muloqot ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
O‘qilgan bilimni amaliyotda qo‘llash «60 soniyalik savol» loyihasida yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Unda xodimga o‘z yo‘nalishi bo‘yicha savol berilib, qisqa vaqt ichida aniq va asosli javob berish talab etiladi. Suv tejamkorligi, suv balansi, nasos stansiyalari samaradorligi, raqamli suv xo‘jaligi yoki lavozim doirasidagi muammolarga oid savollar orqali tezkor fikrlash, bilimni amaliyotga tatbiq etish va kasbiy ishonch baholanadi. Bu oddiy viktorina emas, bilimni tez va samarali qo‘llash ko‘nikmasini shakllantirish usulidir.
Qarorda lingvistik ekspertiza, davlat tilida ish yuritishni monitoring qilish va sohaviy hujjatlarning elektron namunalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu suv xo‘jaligida atamalarni bir xil qo‘llash masalasini ham dolzarblashtiradi. Chunki bir tushunchaning turli hujjatlarda turlicha ifodalanishi elektron ma’lumotlar bazasi va axborot tizimlarida ham muammo tug‘dirishi mumkin.
Shu maqsadda «Suv xo‘jaligi terminlarining yagona elektron lug‘ati»ni shakllantirish ishlari olib borilmoqda. Unda gidrotexnika, irrigatsiya, melioratsiya, nasos stansiyalari, suv omborlari, suv hisobi, avtomatlashtirish, sun’iy intellekt va raqamli suv xo‘jaligiga oid atamalar jamlanadi. Bu hujjatlarda bir xil atamalardan foydalanish bilan birga, elektron tizimlarda ham yagona yondashuvni ta’minlaydi.
Bu masala raqamli texnologiyalarni joriy etish bilan yanada ahamiyatli tus olmoqda. Bugun suv resurslarini boshqarishda sensorlar, masofaviy monitoring, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari, raqamli modellashtirish va sun’iy intellektdan foydalanish kengaymoqda. Shuning uchun texnologiyani tushunish va undan to‘g‘ri foydalanish ham zamonaviy mutaxassisning kasbiy ko‘nikmasiga aylanmoqda.
Qarorda davlat tilini rivojlantirishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanishga oid vazifalar ham belgilangan. Matnni ovozga, nutqni matnga aylantirish, tarjima qilish va tasvirdagi yozuvlarni tanib olish kabi texnologiyalar suv xo‘jaligidagi ish jarayonlarini yengillashtirishi mumkin.
Shu nuqtayi nazardan, «AI-Suvchi» kabi ichki intellektual yordamchi yaratish g‘oyasi ham e’tiborga loyiq. Unga Suv kodeksi, normativ hujjatlar, texnik standartlar, sohaviy lug‘atlar va hujjat namunalari kiritilsa, mutaxassis kerakli ma’lumotni tez topishi va hujjat tayyorlashda sun’iy intellektdan foydalanishi mumkin. Bunda ma’lumotlar ishonchli, muntazam yangilanib borishi va amaldagi qonunchilikka mos bo‘lishi shart.
Biroq barcha bu ishlarning samarasi o‘tkazilgan tadbirlar soni bilan emas, insonda yuz bergan o‘zgarish bilan o‘lchanadi. Asosiy mezon — xodimning savodxonligi, kasbiy bilimi, kitobxonligi, raqamli ko‘nikmalari va odamlar bilan muloqot madaniyatidagi o‘sishdir.
Shu bois natijalarni aniq mezonlar asosida baholash ko‘zda tutilmoqda. Yangi avlod xodimi davlat tilida ish yuritish talablarini puxta bilishi, tizim xodimlarining kamida 70 foizi raqamli suv xo‘jaligi vositalaridan mustaqil foydalana olishi, kamida yarmi esa har yili kasbiy yoki intellektual rivojlanish dasturlarida ishtirok etishi maqsad qilinmoqda. Bu ko‘rsatkichlar bajarilgan ishdan ko‘ra uning natijasini baholash imkonini beradi.
Shu ma’noda suv xo‘jaligida davlat tiliga ehtirom faqat hujjatlarni savodli rasmiylashtirish bilan cheklanmaydi. U xodimning tafakkuri, kasbiy bilimi, kitobxonligi va zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishida ham namoyon bo‘ladi. 21-oktyabr shu jihatdan nafaqat til bayrami, balki davlat tilida erkin fikrlaydigan, bilimli va zamonaviy texnologiyalarni egallagan yangi avlod suvchisini shakllantirish haqida o‘ylash uchun ham munosib fursatdir.
Tilni asrash — tafakkurni yuksaltirishdan, tafakkurni yuksaltirish esa salohiyatli insonni tarbiyalashdan boshlanadi.
Nodira Karimova,
Suv xo‘jaligi vazirining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi
