Ko‘chma savdo joyini ijaraga olish tartibini bilasizmi?
2026-10-06 17:30:00 / Yangiliklar

Ijaraga olish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
1️⃣ Tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi, Kadastr bo‘limlari, tuman (shahar) hokim yordamchilari tomonidan har yili 1 dekabrga qadar tuman (shahar) hududida joylar soni ko‘rsatilgan holda, ko‘chma savdo obyektlari joylashuvini o‘z ichiga olgan joylashish sxemalari (keyingi o‘rinlarda – Sxema) tuziladi.
2️⃣ Tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi tomonidan Sxema tuzilgan sanadan e’tiboran 5 ish kuni mobaynida tegishli ichki ishlar organlari hamda Qurilish vazirligining hududiy bo‘linmalari bilan kelishiladi.
3️⃣ Sxema tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi tomonidan kelishilgan kundan boshlab 10 kun mobaynida “K-SAVDO” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga (keyingi o‘rinlarda – “K-SAVDO” AAT) joylashtiriladi. Joylashuv sxemalari har uch yilda bir marta qayta ko‘rib chiqiladi.
4️⃣ Tadbirkorlik subyektlari “K-SAVDO” AAT orqali keyinchalik realizatsiya qilish uchun Sxemaga ko‘chma savdo amalga oshiriladigan aniq joyni kiritish bo‘yicha taklif berish huquqiga ega.
Tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi taklif kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida tadbirkorlik subyektlari tomonidan taklif etilgan ko‘chma savdo joyining mazkur Nizom talablariga muvofiqligini ko‘rib chiqadi.
Ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha taklif etilgan ko‘chma savdo joyini “K-SAVDO” AATga joylashtiradi yoki sabablarini ko‘rsatgan holda rad etadi.
5️⃣ Jismoniy va yuridik shaxslar arizalarni qabul qilish muddati davomida ko‘chma savdo joyini sotib olish maqsadida onlayn-auksionda qatnashish uchun “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali elektron arizani yuboradi va zakalat summasini to‘laydi.
Auksion o‘tkaziladigan kuni joylashish sxemalari doirasida ko‘chma savdo joylarini sotish bo‘yicha “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksionda ishtirok etadi.
Auksion narxlarni oshirish prinsipi bo‘yicha o‘tkaziladi. Boshlang‘ich narx tegishli tuman (shahar)dagi yer uchastkasi uchun belgilangan yer solig‘i miqdoriga teng bo‘ladi.
6️⃣ Jismoniy va yuridik shaxslar auksion g‘olibi deb e’tirof etilgan taqdirda, belgilangan muddatda ko‘chma savdo joyining to‘liq narxini to‘laydi.
Ko‘chma savdo joyining qiymati to‘langanligi “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali aniqlanadi.
7️⃣ Tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi bayonnoma rasmiylashtirilgandan so‘ng “K-SAVDO” AAT orqali mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq bir ish kuni mobaynida elektron savdolar bayonnomasi asosida ko‘chma savdo obyektining ro‘yxatdan o‘tganligini tasdiqlovchi guvohnomani QR-kod (matritsali shtrixli kod) bilan rasmiylashtirgan holda, “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali xaridor va operatorga yuboradi.
Ro‘yxatdan o‘tganlikni tasdiqlovchi elektron shakldagi guvohnoma tadbirkorlik subyektining mavjud elektron pochta manziliga ham yuboriladi.
Ro‘yxatdan o‘tgan ko‘chma savdo joyi Sxemada uning ko‘chma savdo obyektini joylashtirish davrida bandligini ko‘rsatuvchi maxsus belgi bilan belgilanadi.
