SUVDAN OQILONA FOYDALANISHNI YOSHLAR O‘RTASIDA ODOB, ODAT VA TARTIBGA AYLANTIRISH ZARUR
2026-10-06 16:00:00 / Yangiliklar

Suvni asrash — faqat soha mutaxassislarining vazifasi emas. Bu har bir insonning kundalik odati va hayot tarziga aylanishi kerak. Ayniqsa, yoshlar ongida suvga ehtiyotkor munosabatni shakllantirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir.
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Xayrulla Sattarov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning suv xo‘jaligi sohasidagi ishtirokini kengaytirish va jamiyatda suvdan oqilona foydalanish madaniyatini yuksaltirish masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik barcha sohalar qatori suv xo‘jaligi tizimida ham o‘z ifodasini topmoqda.
Uchrashuvda vazir yoshlar — sohaning kelajagi ekanini ta’kidlab, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bilim va tashabbuslarini rag‘batlantirish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolishini qayd etdi.
Vazirlik tizimida 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlar ulushini 30 foizga yetkazish maqsad qilingan. Shu bois 2026-yilning o‘zida oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan 1000 nafardan ziyod yosh mutaxassis suv xo‘jaligi tizimiga ishga qabul qilindi.
Yoshlarning nafaqat ish bilan ta’minlanishi, balki ularning kasbiy o‘sishi, ilm-fan va innovatsion izlanishlar bilan shug‘ullanishi, yordamchi xo‘jaliklarni tashkil etib qo‘shimcha daromad orttirishi uchun ham zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ilmiy faoliyat olib borayotgan yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularning zamonaviy bilim va texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etishiga ko‘maklashish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Muloqot davomida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faoliyati va amalga oshirilayotgan loyihalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Xususan, iqlim o‘zgarishi va suv resurslarini asrash yo‘nalishidagi tashabbuslar, jumladan, «Suvni birgalikda asraymiz» loyihasi haqida ma’lumot berildi.
Taqdimotda muhim bir g‘oya ilgari surildi: suvdan to‘g‘ri va samarali foydalanishni yoshlar o‘rtasida odobga, odatga va tartibga aylantirish zarur.
Xayrulla Sattarov yosh suvchilar uchun alohida loyiha ishlab chiqish tashabbusini bildirdi. Loyiha doirasida iqtidorli va tashabbuskor yosh mutaxassislarni birlashtirish, ularning g‘oya va ishlanmalarini qo‘llab-quvvatlash, tajriba almashish maydonlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, suv va suvdan oqilona foydalanishga doir zamonaviy mavzularni ta’lim dasturlari va darsliklarga kengroq kiritish, xalqaro anjumanlar doirasida yosh suvchilar forumlarini tashkil etish, suv pavilonlari va ko‘rgazmalar o‘tkazish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida suvdan foydalanish madaniyatini targ‘ib qilish ko‘lamini kengaytirish, ayniqsa, yoshlar bilan ishlashda an’anaviy yondashuvlardan tashqari zamonaviy va ta’sirchan formatlardan foydalanish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Axborot xizmati



