Ijro intizomi – natijadorlik mezoni
2026-10-05 11:35:00 / Yangiliklar

Shu ma’noda, ijro intizomi – oddiy ma’muriy talab emas, balki islohotlarning amaliy samarasini ta’minlaydigan muhim boshqaruv mezonidir.
Davlatimiz rahbari tomonidan ijro intizomi borasida mustahkam tizim yaratish, tartib o‘rnatish, temir intizomni ta’minlash, rahbar va xodimlarning dunyoqarashini o‘zgartirish ustuvor vazifalar sifatida belgilab berilgan. Mazkur tamoyillar bugun suv xo‘jaligi tizimida ham har bir rahbar va xodim faoliyatining muhim mezoniga aylanmoqda.
Ijro nazorati – kundalik jarayon
Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida Davlat rahbari, Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini tizimli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 31-maydagi ““Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada ijro intizomini mustahkamlashga qaratilgan muhim hujjatlardan biri hisoblanib, topshiriqlarni hisobga olish, nazorat qilish va natijasini tahlil etishda muhim mexanizm bo‘lib xizmat qilmoqda.
Vazirlikka kelib tushayotgan Prezident, Prezident Administratsiyasi hamda Hukumat topshiriqlari, shuningdek, vazirlik buyruqlari, hay’at qarorlari va yig‘ilish bayonnomalarida belgilangan vazifalar muntazam nazoratga olinadi.
Eng muhimi, ijro holatini faqat muddat yaqinlashganda emas, balki jarayon davomida kuzatib borish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Topshiriqlarni bajarish holati rahbariyat darajasida muntazam muhokama qilinib, kechikish yoki kamchilik kuzatilgan holatlarda tegishli choralar belgilanadi.
Bu yondashuvning asosiy maqsadi bitta – topshiriqni rasman yopish emas, uning amaliy natijasini ta’minlash.
Raqamlar ortidagi mas’uliyat
Tizimli nazorat muayyan natijalarni bermoqda. Xususan, sentabr oyida “Ijro.gov.uz” tizimida vazirlik asosiy yoki teng kuchli ijrochi sifatida belgilangan Prezident Administratsiyasi rahbarining 42 ta va Vazirlar Mahkamasining 32 ta topshirig‘i to‘liq bajarildi.
Shu bilan birga, nazoratdagi 146 ta Prezident topshirig‘idan 6 tasining ijrosi ta’minlanmay qolgani sohada ijro intizomini yanada kuchaytirish, har bir vazifaga shaxsiy mas’uliyat bilan yondashish zarurligini ko‘rsatadi.
Bu raqamlarga faqat statistika sifatida qarash to‘g‘ri emas. Chunki har bir topshiriq ortida muayyan sohani rivojlantirish, mavjud muammoni hal etish, suv ta’minotini yaxshilash yoki belgilangan islohotni amaliyotga tatbiq etish vazifasi turadi.
Shu bois ijro intizomida “bajarildi” degan qaydning o‘zi yetarli emas. Natija qanday? Vazifa amalda nimani o‘zgartirdi? Ko‘zlangan maqsadga erishildimi? Asosiy e’tibor ana shu savollarga qaratilishi lozim.
Intizom – boshqaruv madaniyati
Ijro intizomi, eng avvalo, rahbar va xodimning ishga munosabatida namoyon bo‘ladi. Belgilangan muddatga rioya qilish, vazifani puxta o‘rganish, natijasi uchun shaxsan javob berish, muammoni oldindan ko‘ra bilish va yechim topish – zamonaviy boshqaruvning asosiy talablaridandir.
Ayniqsa, suv xo‘jaligi kabi aholi farovonligi, oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiyot tarmoqlari bilan bevosita bog‘liq sohada har bir qaror va topshiriqning o‘z vaqtida bajarilishi katta ahamiyatga ega.
Shuning uchun ham tizimda ijro intizomini mustahkamlash faqat nazoratni kuchaytirish bilan cheklanmasligi kerak. U mas’uliyat, talabchanlik, tashabbuskorlik va natija uchun javobgarlikka asoslangan ish madaniyatiga aylanishi zarur.
Suv xo‘jaligi sohasida belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari va indikatorlarga erishish, amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasini ta’minlash ham har bir rahbar va xodimning fidoyiligi, intizomi va mas’uliyatiga bog‘liq. Zero, ijro intizomi bor joyda tartib bo‘ladi, tartib bor joyda esa natija bo‘ladi.
Muxammadjon Ibragimov,
Tashkiliy-nazorat va tahlil bo‘limi boshlig‘i
