SUV XO‘JALIGIDA YANGI BOSQICH: ZAMONAVIY INFRATUZILMA, ENERGIYA SAMARADORLIGI VA XALQARO HAMKORLIK
2026-10-02 19:05:00 / Yangiliklar

Suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish bugun nafaqat qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti, balki oziq-ovqat xavfsizligi, hududlarning barqaror rivojlanishi va aholi farovonligini ta’minlashning muhim omiliga aylanmoqda. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi sharoitida mavjud suv resurslarini tejash, irrigatsiya infratuzilmasini yangilash va suv yetkazib berish tizimlarining energiya samaradorligini oshirish strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Mamlakatimizda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim jihatlaridan biri — xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda zamonaviy, samarador va uzoq muddat xizmat qiladigan irrigatsiya tizimlarini shakllantirishdir.
Jahon banki ishtirokida amalga oshirilayotgan «Milliy irrigatsiya tizimlarini yaxshilash va energiya samaradorligini oshirish» loyihasi ana shunday yirik tashabbuslardan biri hisoblanadi. Loyiha doirasida irrigatsiya obyektlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, gidrotexnika inshootlarining ishonchliligini oshirish, ekspluatatsiya jarayonlarini takomillashtirish hamda sohada zamonaviy boshqaruv va texnik yondashuvlarni keng joriy etish ko‘zda tutilgan.
Maqsad — faqat inshootni yangilash emas
2026-yil 27–30-sentabr kunlari Jahon banki vakillari hamda Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazi mutaxassislaridan iborat missiya Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida bo‘ldi.
Tashrifning muhim jihati shundaki, missiya a’zolari loyihalarning holatini faqat hisobot va hujjatlar asosida emas, bevosita joyiga chiqqan holda o‘rgandilar. Ekspluatatsiya tashkilotlari rahbarlari va mutaxassislari bilan muloqot qilinib, obyektlarning texnik holati, kelgusidagi qurilish ishlarini tashkil etish, suv berish rejimi hamda amaliy ehtiyojlar atroflicha muhokama qilindi.
Bu yondashuv har bir obyekt bo‘yicha qabul qilinadigan yechimlarning real sharoit, suvdan foydalanish rejimi va hudud ehtiyojlariga mos bo‘lishiga xizmat qiladi.
Surxondaryo: Zang kanali modernizatsiyaga tayyorlanmoqda
Missiyaning dastlabki manzillaridan biri Surxondaryo viloyati bo‘ldi.
28-sentabr kuni Termiz shahrida Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi rahbariyati va mas’ul mutaxassislar ishtirokida uchrashuv o‘tkazilib, loyihaning tashkiliy va texnik jihatlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-avgustdagi PQ–242-son qarori asosida Surxondaryo viloyatida Zang kanalini gidrotexnika inshootlari bilan birgalikda kompleks modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.
Ayni paytda mazkur obyekt bo‘yicha konsalting kompaniyasini tanlash jarayoni yakunlanish bosqichida. Tender hujjatlarini joriy yil yakuniga qadar ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Muhokamalarda loyihani amalga oshirishning eng muhim jihatlaridan biri — qurilish-montaj ishlarini amaldagi suv berish grafigi bilan to‘g‘ri muvofiqlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Zero, irrigatsiya obyektini rekonstruksiya qilish jarayonida suv iste’molchilari manfaatini ta’minlash, ekin maydonlariga suv yetkazib berishda uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik loyihaning texnik yechimlari kabi muhim vazifadir.
Shuningdek, maxsus texnika vositalarini xarid qilish, sohada mehnat qilayotgan mutaxassislar uchun o‘quv-seminarlar tashkil etish va ularning malakasini oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Jahon banki vakillari zarur hollarda texnik va konsultativ ko‘makni yanada kuchaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Qashqadaryo: Paxtaobod kanalida kompleks yondashuv
29-sentabr kuni missiya Qashqadaryo viloyatida o‘z ishini davom ettirdi.
Qarshi shahrida Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Paxtaobod kanalini gidrotexnika inshootlari bilan birgalikda rekonstruksiya va modernizatsiya qilish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Mazkur obyektda ham konsalting kompaniyasini tanlash jarayoni yakunlanish bosqichida bo‘lib, tegishli tender hujjatlarini yil yakuniga qadar tayyorlash rejalashtirilgan.
Tomonlar loyihani belgilangan muddatlarda va yuqori sifatda amalga oshirish, texnik masalalarni o‘z vaqtida hal etish, maxsus texnikalar xaridi hamda mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil qilish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Missiya a’zolari Paxtaobod kanali va unga tutash infratuzilma obyektlarini bevosita ko‘zdan kechirib, ularning mavjud texnik holatini o‘rgandilar. Ekspluatatsiya tashkiloti mutaxassislari bilan muloqotda obyektning kundalik faoliyati, rekonstruksiya davrida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalar hamda ularni amaliy hal qilish mexanizmlari muhokama qilindi.
Bu esa loyiha yechimlarini kabinet sharoitida emas, balki obyektning haqiqiy holati va undan foydalanuvchi mutaxassislar tajribasini hisobga olgan holda shakllantirish imkonini beradi.
Buxoro: samaradorlikka qaratilgan modernizatsiya
30-sentabr kuni missiya a’zolari Buxoro viloyatida bo‘ldilar.
Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida o‘tkazilgan uchrashuvda hududdagi kanallar va gidrotexnika inshootlarini modernizatsiya qilish bilan bog‘liq vazifalar ko‘rib chiqildi.
Bu yerda ham konsalting kompaniyasini tanlash jarayoni yakuniy bosqichga kirgan. Tegishli tender hujjatlarini joriy yil yakuniga qadar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Jahon banki vakillari loyiha doirasida zarur texnik va konsultativ ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini yana bir bor ta’kidladilar.
Missiya davomida obyektlarga chiqilib, ularning texnik holati, ekspluatatsiya jarayonlari va kelgusidagi modernizatsiya ishlari bilan bog‘liq amaliy masalalar joyida o‘rganildi.
Hamkorlikning eng muhim kapitali — bilim va tajriba
Loyihaning ahamiyatini faqat rekonstruksiya qilinadigan kanallar yoki yangilanadigan gidrotexnika inshootlari bilan o‘lchash to‘liq tasavvur bermaydi.
Zamonaviy irrigatsiya infratuzilmasi, avvalo, uni samarali boshqara oladigan malakali mutaxassisni talab qiladi.
Shu bois missiya davomida mutaxassislar uchun o‘quv-seminarlar tashkil etish, zamonaviy texnik yechimlardan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish, ekspluatatsiya xizmatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalarining doimiy muhokama qilingani alohida ahamiyatga ega.
Bu yondashuv loyihaning uzoq muddatli samaradorligini ta’minlaydi. Chunki zamonaviy inshootga zamonaviy boshqaruv, yangi texnikaga esa uni to‘g‘ri ishlata oladigan yuqori malakali kadr kerak.
Muloqotdan — aniq harakatlarga
2026-yil 2-oktabr kuni missiyaning yakunlovchi muhokamalari Suv xo‘jaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazida o‘tkazildi.
Unda loyiha doirasida belgilangan tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, tender jarayonlarini jadallashtirish, obyektlarda zarur qidiruv ishlarini tashkil etish hamda qurilish-montaj ishlarini suv berish rejimi bilan muvofiqlashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ayni paytda Jahon banki va O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish, texnik va tashkiliy masalalarni tezkor hal etish maqsadida missiyalar va ishchi uchrashuvlarni muntazam tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Suv infratuzilmasiga investitsiya — kelajakka investitsiya
Irrigatsiya tizimini modernizatsiya qilish — bu faqat kanal devorini yangilash yoki gidrotexnika inshootini ta’mirlash emas.
Bu — har bir kub metr suvning qadrini oshirish, suv yetkazib berish tizimining ishonchliligini ta’minlash, energiya sarfini maqbullashtirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun barqaror sharoit yaratish va eng muhimi, kelajak avlodlar uchun suv resurslarini asrab qolishga qaratilgan tizimli investitsiyadir.
Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «Milliy irrigatsiya tizimlarini yaxshilash va energiya samaradorligini oshirish» loyihasi ham aynan ana shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Loyihaning Surxondaryodan Qashqadaryoga, Qashqadaryodan Buxoroga qadar qamrab olgan har bir obyekti zamonaviy irrigatsiya tizimini barpo etish yo‘lidagi alohida bo‘g‘indir.
Ularni yagona maqsad birlashtiradi: suvdan yanada oqilona foydalanish, infratuzilmaning samaradorligi va ishonchliligini oshirish hamda O‘zbekiston suv xo‘jaligini zamonaviy, barqaror va texnologik jihatdan yangi bosqichga olib chiqish.
Bahodir Fayzullayev,
Bahodir Usanov,
«Milliy irrigatsiya tizimlarini yaxshilash va energiya samaradorligini oshirish» loyihasi xodimlari





