BAYRAM TABRIGI
2026-09-30 20:40:00 / Yangiliklar

Qadrli ustoz va murabbiylar!
Aziz suv xo‘jaligi sohasi xodimlari!
Sizlarni 1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripov ta’biri bilan aytganda:
Dilda ziyo borki, umr sarafroz,
Mayli, u hamisha baxt bilan to‘lsin.
Ey, aziz muallim, ey, aziz ustoz,
Bu kun bayramingiz muborak bo‘lsin.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan tabrigida “Milliy yuksalishning tayanch asosi – maktab, texnikum va oliygohlar ekanini siz, azizlar albatta yaxshi tushunasiz. Shu bois, bu borada biz avvalo sizlarga – muhtaram ustoz va murabbiylarimizga tayanamiz” degan purma’no fikrni aytib o‘tdilar.
Bugungi shiddat bilan taraqqiy etayotgan zamonda ilm-fan, bilim va zamonaviy tafakkursiz yuksak natijalarga erishish mushkul. Bu jarayon suv xo‘jaligi sohasida ham o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda. Vazirlik tizimida ilmiy izlanishlar olib borayotgan, dissertatsiya himoya qilayotgan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni amaliyotga joriy etishga intilayotgan mutaxassislar soni yil sayin ortib bormoqda.
Xorijiy davlatlar va xalqaro hamkorlar bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish, qo‘shma tadqiqotlar va o‘quv kurslarini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, mamlakatimizdagi boshqa oliy ta’lim muassasalari hamda suv xo‘jaligi sohasida kasbga tayyorlovchi o‘rta-maxsus kasb-hunar kollejlari bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Yirik suv xo‘jaligi tashkilotlarida oliy ta’lim muassasalarining kafedralari faoliyat yuritmoqda, dual ta’lim qamrovi kengaymoqda.
Ilgari har yili tizimga 500 nafardan ziyod oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari ishga qabul qilingan bo‘lsa, joriy yilda 1000 nafardan ortiq yosh mutaxassis safimizga qo‘shildi.
“Ustoz-shogird” an’anasi asosida tizimga yangi ishga qabul qilingan har bir yoshga tajribali va malakali mutaxassislar biriktirilmoqda. Ustozlarimiz yoshlarga nafaqat kasb sirlarini, balki suvchiga xos mas’uliyat, fidoyilik, halollik va mehnat madaniyatini ham o‘rgatmoqda.
Zero, suv xo‘jaligida ustoz deganda faqat ta’lim muassasasida dars beradigan pedagog emas, balki o‘z bilimi, tajribasi va hayotiy maktabi bilan yosh mutaxassisni tarbiyalayotgan har bir fidoyi insonni tushunamiz.
Shu bois, yoshlarga ustozlik qilayotgan tajribali mutaxassislarni rag‘batlantirish, ularning pedagogik va kasbiy mahoratini oshirish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirishimiz zarur.
Ishonamanki, ustozlarimizning boy tajribasi, yoshlarning g‘ayrat-shijoati va ilm-fan yutuqlarining uyg‘unligi mamlakatimiz suv xo‘jaligini yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqishga xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, suv xo‘jaligi tizimida faoliyat yuritayotgan olimlar, sohaga malakali mutaxassis tayyorlab berayotgan professor-o‘qituvchilar, tizimda samarali mehnat qilayotgan xodimlarning barcha ustoz-murabbiylari, tajribali muhandis va mutaxassislarni 1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-xotirjamlik, sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Shavkat Xamrayev,
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri
2026-yil 30-sentabr
