OROLBO‘YI KELAJAGI: INSON FAROVONLIGI, SUV XAVFSIZLIGI VA EKOLOGIK TIKLANISH
2026-09-29 14:45:00 / Yangiliklar

«Biz allaqachon insoniyatning eng yirik fojialaridan biri – Orol dengizi qurishi oqibatlarini boshdan kechirmoqdamiz».
Shavkat Mirziyoyev
Orol dengizi havzasida aholi hayoti va tabiiy muhitning holati suv resurslariga bevosita bog‘liq.
Orol dengizining qurishi va suv sathining keskin pasayishi natijasida dengiz bir nechta qismlarga, jumladan, Shimoliy (Kichik) Orol va Katta Orolga ajralib ketdi. Ularning tabiiy-geografik va gidrologik sharoitlari bir-biridan farq qilgani bois, suv resurslarini boshqarish va ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha hududlar kesimida turlicha yondashuvlar shakllandi.
Jumladan, Qozog‘iston hududidagi tabiiy relef xususiyatlari Sirdaryo oqimini Shimoliy Orol havzasida ushlab qolish va suv resurslarini to‘plash imkonini berdi.
O‘zbekiston hududida esa Katta Orolni avvalgi holatigacha to‘liq suv bilan to‘ldirish imkoniyati mavjud emasligi, shuningdek, hududning relefi va mavjud gidrologik sharoitlaridan kelib chiqib, boshqa strategik yondashuv tanlandi. Xususan, quyi Amudaryodagi tabiiy botiqliklar va mavjud suv resurslaridan foydalangan holda kichik ko‘llar, suv-botqoq hududlari hamda boshqariladigan suv havzalari tizimi shakllantirildi.
Bunday yondashuvning asosiy maqsadi suvni yagona yirik havzada jamlashdan ko‘ra, mavjud suv resurslarini hudud bo‘ylab samarali taqsimlash, suv ekotizimlarini saqlab qolish va mahalliy aholi hamda tabiiy muhit ehtiyojlarini ta’minlashdan iborat. Shu bilan birga, kichik suv havzalarining tashkil etilishi qurigan Orol dengizi tubidan ko‘tariladigan chang va tuz changlarining tarqalishini kamaytirish, biologik xilma-xillikni saqlash hamda Orolbo‘yidagi ijtimoiy-ekologik vaziyatni barqarorlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Barpo etilgan kichik ko‘llar hamda suv havzalari mahalliy aholining, ayniqsa, chorvachilik va baliqchilik bilan bog‘liq bandligi hamda daromad manbalarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, ular baliqlar va suv qushlari uchun yashash va ko‘payish muhitini saqlab, Orolbo‘yi biologik xilma-xilligini muhofaza qilishga qaratilgan.
Quyi Amudaryodagi mazkur tizimga kiruvchi yettita havzaning loyihaviy suv sig‘imi sig‘imi 3,48 mlrd m³ni tashkil etadi: Mejdureche – 380 mln m³, Sudoche – 982 mln m³, Mashanko‘l–Qarajar ko‘llari tizimi – 683 mln m³, Dautko‘l – 280 mln m³, Jiltirbas – 781,2 mln m³, Ribachiy – 165 mln m³ va Mo‘ynoq qo‘ltig‘i – 210 mln m³. Joriy yilning sentyabr oyiga qadar mazkur ko‘llarning o‘ziga 742 mln m³ suv yo‘naltirildi.
Bundan tashqari, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi loyihalari doirasida ko‘llarning suv ta’minotini yaxshilash va Orolbo‘yidagi ekologik xatarlarni kamaytirishga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Maqpalko‘lda himoya dambasi va suv chiqarish inshooti qurilmoqda. Loyiha yakunlangach, ko‘lda 70 mln m³gacha suv saqlash hamda suv chiqarish jarayonini boshqarish imkoniyati yaratiladi. Bu baliqchilikni rivojlantirish, mahalliy aholi daromad manbalarini kengaytirish, shuningdek, suv jonzotlari va qushlarning yashash muhitini saqlashga xizmat qiladi.
Darkesh o‘zanida suv o‘tkazish qobiliyatini tiklash va oqimni tartibga solishga qaratilgan rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Natijada ko‘llar tizimiga suv yetkazish hamda mavjud suv resurslarini boshqarish imkoniyatlari yaxshilanishi kutilmoqda.
Aqqum hududida mahalliy daraxt va butalardan himoya to‘qayzorlarini barpo etishning ikkinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Ko‘chatlar ekilib, ko‘chma qumlarni ushlab qoluvchi mexanik to‘siqlar o‘rnatilmoqda. Bu choralar Sudoche ko‘li va unga tutash hududlarda qum ko‘chishi, shuningdek, shamol ta’sirida tuz va chang tarqalishini kamaytirishga qaratilgan. Keyingi bosqichlarda himoya o‘simliklari maydonini yanada kengaytirish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 20-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida «Global muammo bo‘lgan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida O‘zbekiston o‘z imkoniyatlari darajasida harakat qilmoqda», deb ta’kidladi.
Xususan, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2018-yil dekabridan boshlab Orol dengizining qurigan tubida saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklarini ommaviy ekish ishlari amalga oshirilmoqda.
2018–2026-yillarda 2 mln gektardan ortiq maydonda yashil qoplamalar barpo etildi. Bu ishlar qumlarni mustahkamlash, shamol ta’sirida tuz va chang tarqalishini kamaytirish, Orolbo‘yi aholisining salomatligiga va yashash muhitiga ta’sir etuvchi ekologik xatarlarni yumshatishga qaratilgan.
Orolbo‘yida ekologik tiklanish ishlarini ilmiy asosda tashkil etish va hudud sharoitiga mos texnologiyalarni joriy qilish maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2018-yilda Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tashkil etildi. Hozirda Markazda sho‘rlangan yerlar va degradatsiyaga uchragan yaylovlarni tiklash, sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklarni sinovdan o‘tkazish, suv hamda yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha ilmiy-amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu faoliyat aholining iqlim o‘zgarishiga moslashuvchanligini oshirish, daromad imkoniyatlarini kengaytirish va hududning ekologik holatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasida Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va suv xavfsizligini ta’minlashga doir qator muhim tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Jumladan, 2023-yil 15-sentyabrda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashida «Markaziy Osiyoda suv taqchilligi muammosi o‘tkir va muqarrar tus oldi hamda bundan buyon u tobora chuqurlashib boraveradi», deb ta’kidladi.
Darhaqiqat, Orol havzasidagi ekologik barqarorlik suv resurslaridan qanchalik samarali foydalanishga bevosita bog‘liq. Shu sababli irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, kanallarni betonlashtirish va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
2020-2025-yillarda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 1 870 kilometr kanal betonlashtirildi. 2026-yilda yana 1 300 kilometr yirik kanallarni betonlashtirish rejalashtirilgan. Bu tadbirlar suvning yerga singib yo‘qolishini kamaytirish, tarmoqlarning texnik holatini yaxshilash va iste’molchilarga suvni barqaror yetkazib berishga xizmat qiladi.
Suvni tejash bilan birga, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga ham ustuvor ahamiyat berilmoqda. 2017–2026-yillarda 7 160 kilometr kollektor-drenaj tarmog‘i qurildi va rekonstruksiya qilindi, 127,8 ming kilometr tarmoqda ta’mirlash-tiklash ishlari bajarildi. Mazkur tadbirlar sizot suvlari sathini tartibga solish, ortiqcha suv va tuzlarni drenaj orqali chiqarish hamda tuproqning qay-ta sho‘rlanish xavfini kamaytirishga qaratilgan. Bu esa yer unumdorligini saqlash, ekinlarning o‘sishi uchun qulay sharoit yaratish va fermer xo‘jaliklari daromadining barqarorligiga xizmat qiladi.
Suv hisobini raqamlashtirish doirasida 2026-yil holatiga ko‘ra, suv olish nuqtalariga 13 mingdan ortiq «Aqlli suv» qurilmasi o‘rnatildi. Ularning sonini 2030-yilga qadar 18 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan. Mazkur qurilmalar suv sarfini masofadan kuzatish va hisobga olish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Kelgusida ularning uzluksiz ishlashini ta’minlash, o‘lchovlar aniqligini oshirish hamda to‘plangan ma’lumotlar asosida suv taqsimotini yanada takomillashtirish muhim vazifa bo‘lib qoladi.
Hozirda Janubiy Orolbo‘yidagi ko‘llar va kichik suv havzalari monitoringini raqamlashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Bu doirada havzalarga kelib tushadigan suv hajmi, suv sathi va sifat ko‘rsatkichlarini avtomatik kuzatish hamda ma’lumotlarni yagona raqamli platformada jamlash nazarda tutilgan. Mazkur tizim suv taqsimotini aniq ma’lumotlar asosida boshqarish, ko‘llarning ekologik holatidagi o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlash va suv ta’minotini rejalashtirish imkonini beradi.
2026-yil 22-aprel kuni Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2027–2029-yillarga Jamg‘arma Prezidenti etib saylandi.
Yig‘ilishda Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, suv resurslarini samarali boshqarish va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari Jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish, ekologik va ijtimoiy loyihalarga xalqaro moliyaviy resurslarni jalb etish, loyihalar natijadorligini oshirish hamda suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirishga doir aniq tashabbuslarni ilgari surdi. Ularning izchil amalga oshirilishi Orolbo‘yida suv ta’minotini yaxshilash, tabiiy ekotizimlarni saqlash va aholi farovonligini yuksaltirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Ko‘llarning suv ta’minoti va sifatini nazorat qilish, suv yo‘qotishlarini kamaytirish hamda qurigan dengiz tubida barpo etilgan o‘rmonzorlarni parvarishlash kelgusida ham ustuvor vazifalar bo‘lib qoladi. Orolbo‘yining barqaror kelajagi Amudaryo va Sirdaryo suvlaridan oqilona va tejamkor foydalanish, aholi va tabiat ehtiyojlari o‘rtasida muvozanatni ta’minlash, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga bog‘liq. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi – ekotizimlar holati va aholining turmush sifatini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Birodarjon Burxonjonov,
Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasi loyihalarni amalga oshirish agentligi rahbari
