YANGI IJTIMOIY LOYIHA: YOMG‘IR SUVLARINI YIG‘ISH VA TEJAMKOR SUG‘ORISH TEXNOLOGIYALARI JORIY ETILADI
2026-09-20 20:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda «Qishloq turizmi va yashil iqtisodiyot» uyushmasi o‘rtasida «Qo‘shrabot va Baxmal tumanlarida yomg‘ir suvlarini yig‘ish, saqlash va sug‘orishda tejamkor texnologiyalarni qo‘llash orqali aholining iqlim o‘zgarishiga moslashuvchanligini oshirish» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha uch tomonlama shartnoma tuzilgan. Loyiha uchun 600 million so‘m ajratilgan bo‘lib, uni amalga oshirish muddati 7 oy etib belgilangan.
Mazkur loyiha 2026-yil 19-avgustdagi Parlament komissiyasi qarori bilan g‘olib deb topilgan. Suv xo‘jaligi vazirligi davlat buyurtmachisi, «Qishloq turizmi va yashil iqtisodiyot» uyushmasi esa ijtimoiy buyurtmaning bevosita ijrochisi hisoblanadi.
Loyiha uchun Baxmal va Qo‘shrabot tumanlarining tanlanishi bejiz emas. Bu hududlarda bir tomondan yog‘ingarchilik nisbatan ko‘p bo‘lsa, ikkinchi tomondan yoz oylarida tomorqalarni sug‘orish uchun suv tanqisligi kuzatiladi. Baxmal meteostansiyasi ma’lumotlari bo‘yicha o‘rtacha ko‘p yillik yog‘ingarchilik miqdori 441 millimetrni, Qo‘shrabotda esa 389 millimetrni tashkil etadi.
Xususan, Baxmal tumani Oyqor MFYdagi tomorqalar Tangatopdisoydan suv oladi. Iyun oyidan boshlab yoz mavsumi davomida soyda suv miqdori kamayadi. Qo‘shrabot tumani Qiyqim MFYda ham tomorqalarni suv bilan ta’minlaydigan Oqtepasoyda yozda shunday holat kuzatiladi.
Loyiha ana shu muammoga oddiy va amaliy yechim taklif qilmoqda — yog‘ingarchilik davrida suvni yig‘ib, maxsus sig‘imlarda saqlash va suv tanqis bo‘lgan paytda tomorqa ekinlarini tejamkor usulda sug‘orish.
Dastlab Baxmal tumani Oyqor MFYdan 8 ta va Qo‘shrabot tumani Qiyqim MFYdan 8 ta — jami 16 ta ehtiyojmand oila tanlab olinadi. Ularning xonadonlarida yomg‘ir suvlarini yig‘ish va saqlash hamda ekinlarni suv tejovchi texnologiyalar asosida sug‘orish tizimlari o‘rnatiladi. Xonadonlarni tanlash tuman «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasalari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, tomining maydoni o‘rtacha 100 kvadrat metr bo‘lgan bitta xonadonda yillik yog‘ingarchilik hisobidan Baxmalda 44 tonnagacha, Qo‘shrabotda esa 38 tonnagacha yomg‘ir suvini yig‘ish imkoni mavjud. Bu suv 10 sotix tomorqada mevali daraxtlarni tomchilatib sug‘orish uchun talab etiladigan suvning 45–50 foizini, sabzavotlarni tomchilatib sug‘orishda 30–35 foizini, yomg‘irlatib sug‘orishda esa 25–30 foizini qoplashi mumkin.
Shunday qilib, har bir xonadonda yiliga o‘rtacha 40 tonna yomg‘ir suvidan foydalanish yo‘lga qo‘yilsa, loyiha qamrab olgan 16 ta xonadonda bir yilning o‘zida 640 tonnagacha suvni yig‘ish va tomorqa ehtiyojlariga yo‘naltirish imkoni paydo bo‘ladi. Bu esa mavjud suv manbalariga tushadigan bosimni kamaytirish bilan birga, aholining tomorqadan unumli foydalanishi va qo‘shimcha daromad olishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Mazkur tashabbus 2026-yil 16-fevralda qabul qilingan PF–22-sonli Farmonda belgilangan vazifalar bilan ham uyg‘un. Davlat dasturining 208-bandida aholi o‘rtasida suv resurslarini tejab ishlatish madaniyatini shakllantirish orqali uy xo‘jaligida tomorqadan unumli foydalanishni rivojlantirish, sug‘orishning zamonaviy va tejamkor texnologiyalari afzalliklarini targ‘ib qilish hamda tajriba maydonchalarini tashkil etish belgilangan.
Ayni shu maqsadda Baxmal tumani Oyqor MFYda davlat ijtimoiy buyurtmasi loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi. Unda «Qishloq turizmi va yashil iqtisodiyot» uyushmasi vakillari, suv xo‘jaligi va «Bog‘bon» invitro laboratoriyasi mutaxassislari hamda mahalla aholisi ishtirok etdi.
Loyiha natijasida yomg‘ir suvini shunchaki oqib ketadigan tabiiy resurs emas, balki yig‘ish, saqlash va zarur paytda samarali ishlatish mumkin bo‘lgan qo‘shimcha suv manbai sifatida foydalanish bo‘yicha amaliy tajriba maydonchalari yaratilishi ko‘zda tutilganligi seminar ishtirokchilariga tushuntirildi.
Suv xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmati







