ISTIQLOLNING TARIXIY AHAMIYATI VA BUGUNGI MAS’ULIYAT
2026-09-18 20:45:00 / Yangiliklar

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda vazirlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlari rahbarlari hamda xodimlari ishtirok etdi. Hududlardagi ishtirokchilar seminarga studiyalar orqali ulandi.
Davlat madhiyasi bilan boshlangan tadbirni Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari O‘tkir Sheraliyev ochdi. U mustaqillikning xalqimiz hayotidagi ahamiyati, uni qadrlash va mustahkamlashda har bir fuqaroning mas’uliyati haqida so‘z yuritdi. Prezident nutqida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarni tizim xodimlariga yetkazish seminarning asosiy maqsadi ekanini qayd etdi.
Tarix fanlari doktori Fayzullo Ernazarov «Uch ming yillik ildiz va Uchinchi Renessans: tarixiy vorislik, milliy o‘zlik va ma’naviy meros» mavzusida ma’ruza qildi. U davlatchiligimizning tarixiy ildizlari, ajdodlarimizning ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasi hamda ular qoldirgan merosning bugungi ahamiyatiga to‘xtaldi.
Ma’ruzada Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Ab-u Rayhon Beruniy, Ab-u Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiyning ilmiy-ma’naviy merosi haqida fikr yuritildi. Amir Temur davlatchiligi, jadidlarning ma’rifat va milliy istiqlol yo‘lidagi intilishlari ham yoritildi. Tarixiy merosni o‘rganish milliy o‘zlikni anglash, yosh avlodda Vatan taqdiriga daxldorlik hissini tarbiyalashda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Zebiniso Xayrullayeva «Inson qadri — 35-yillik islohotlarning o‘lchovi: erkinlik, bilim, sog‘liq va yoshlar» mavzusida ma’ruza qildi. U inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, sog‘lom avlodni tarbiyalash hamda yoshlarning jamiyat hayotidagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibor qaratdi.
Qayd etilganidek, islohotlarning samarasi, avvalo, odamlarning kundalik hayotidagi ijobiy o‘zgarishlarda ko‘rinadi. Insonning munosib yashashi, bilim olishi, sog‘lig‘ini asrashi va o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratish «Inson qadri uchun» g‘oyasining asosiy mazmunini tashkil etadi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi, tarix fanlari doktori Farhod Ochilov «Milliy yuksalish o‘n yilligi: yetti milliy dastur yaxlit tizim sifatida va nutqning bosh g‘oyalari» mavzusida so‘z yuritdi. Ma’ruzada Prezident nutqida belgilangan ustuvor vazifalar, yetti milliy dasturning mazmuni va ularning o‘zaro bog‘liqligi tushuntirildi. Mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida davlat tashkilotlari va fuqarolarning faol ishtiroki muhimligi qayd etildi.
Tadbir davomida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan videorolik hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tayyorlagan «O‘zbek kelayotir, tarix qa’ridan» nomli videoklip namoyish etildi.
Seminarda respublika studiyalaridan 80 nafardan ortiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari va tizim tashkilotlaridan esa ming nafardan ziyod xodim qatnashdi.
Ma’ruzalarda mustaqillikning tarixiy qadri, milliy meros va inson manfaatlari bir-biri bilan bog‘liq holda yoritildi. Istiqlolni asrab-avaylash va mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shish har bir insonning o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashishi, bilimi va halol mehnati bilan ham bevosita bog‘liq ekani ta’kidlandi.
Nodira Karimova,
Suv xo‘jaligi vazirining ma’naviyat
va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi





