Yosh suvchilar uchun munosib sharoit – soha kelajagiga sarmoya
2026-09-15 16:00:00 / Yangiliklar

Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tizimida yosh kadrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning yangi ish muhitiga tez moslashishi hamda ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shunday amaliy tashabbuslardan biri – havza boshqarmasi huzuridagi Meliorativ ekspeditsiya binosida yosh xodimlar uchun “Suvchilar uyi” tashkil etilganidir. Unda tizimga ishga qabul qilingan yosh mutaxassislarning yashashi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Bu tashabbusning ahamiyati faqat yosh xodimni turar joy bilan ta’minlash bilangina cheklanmaydi. “Suvchilar uyi” yosh mutaxassislarning bir jamoa bo‘lib shakllanishi, tajriba almashishi, kasbiy va ma’naviy jihatdan kamol topishi uchun ham o‘ziga xos muhit yaratmoqda.
Yosh kadrning sohada munosib o‘rin egallashi uchun nazariy bilimning o‘zi yetarli emas. Ko‘p yillik tajriba, amaliy ko‘nikma, mas’uliyat va kasbga sadoqat ham muhim. Shu maqsadda yosh mutaxassislarga sohada uzoq yillardan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan tajribali xodimlar ustoz sifatida biriktirilgan.
Ustoz-shogird an’anasi asosida yo‘lga qo‘yilgan bu tizim orqali yoshlarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, suv xo‘jaligi obyektlarida ishni tashkil etish tartibini puxta o‘zlashtirish, sohaga oid meyoriy-huquqiy hujjatlar va texnik talablarni chuqur o‘rganishiga ko‘maklashilmoqda.
Tajribali mutaxassislar yosh xodimlarga sug‘orish tarmoqlarini samarali boshqarish, suvni iste’molchilarga belgilangan tartibda yetkazib berish, suv hisobini to‘g‘ri yuritish, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarining texnik holatini nazorat qilish, eng muhimi, suvning har bir tomchisiga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish borasida o‘z bilim va tajribalarini ulashmoqda.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish ham e’tibordan chetda qolmagan. “Suvchilar uyi”da kitob mutolaasi uchun sharoit yaratilgan, shaxmat va shashka kabi aqliy sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniyati yo‘lga qo‘yilgan. Bunday muhit yoshlarning nafaqat kasbiy, balki intellektual va ma’naviy rivojlanishiga ham xizmat qiladi.
Sirdaryo-Zarafshon ITHB matbuot xizmati


