“Byurokratiyasiz O‘zbekiston” jamoatchilik tashabbusi o‘tkaziladi
2026-09-14 15:05:00 / Yangiliklar

Tashabbusdan ko‘zlangan maqsad – fuqarolar va tadbirkorlar davlat organlariga murojaat qilish jarayonida duch kelayotgan byurokratik to‘siqlarni aniqlash, ortiqcha tartib-taomillarni qisqartirish hamda eng dolzarb muammolar bo‘yicha amaliy yechimlar ishlab chiqishdan iborat.
Dastur doirasida ortiqcha hujjat talablari, takroriy jarayonlar va ko‘p bosqichli kelishuvlarni bartaraf etish, idoralararo ma’lumot almashinuvini takomillashtirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish hamda xizmat ko‘rsatish muddatlarini qisqartirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tashabbus 2026-yil 21-sentabrdan 20-noyabrga qadar davom etadi. Ushbu davrda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari murojaat.byurokratiyasiz2030.uz elektron platformasi orqali o‘zlari duch kelgan byurokratik to‘siqlar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarini yuborishlari mumkin.
Kelib tushgan takliflar soha ekspertlari tomonidan o‘rganilib, eng asoslangan va amaliy ahamiyatga ega takliflarni hayotga tatbiq etish choralari ko‘riladi. Natijalar va statistik ma’lumotlar jamoatchilikka ochiq taqdim etib boriladi.
Tashabbus yakunlari asosida eng dolzarb byurokratik jarayonlar aniqlanib, ularni soddalashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish va davlat xizmatlarini yanada qulay hamda raqamli shaklga o‘tkazish bo‘yicha tegishli choralar belgilanadi.
Axborot xizmati
