O‘zbekiston – Janubiy Koreya: suv hamkorligida yangi ufqlar
2026-09-14 10:05:00 / Yangiliklar

Shu ma’noda, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida suv xo‘jaligi sohasida izchil rivojlanib borayotgan hamkorlik ikki davlat munosabatlarining eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Bunda delegatsiyalar almashinuvi, o‘zaro tashriflar, ekspertlar muloqoti, qo‘shma loyihalar, malaka oshirish va o‘quv dasturlari muhim o‘rin tutadi.
Xususan, 2025-yilda Koreya suv resurslari korporatsiyasi (K-Water) bosh direktori va Osiyo suv kengashi (AWC) bosh kotibi Yon-dok Cho boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi. 2026-yil 25–26-may kunlari Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan “Suv barqaror taraqqiyot uchun” to‘rtinchi xalqaro konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev Janubiy Koreya Prezidentining global iqlim va atrof-muhit bo‘yicha maxsus vakili Kimul Kang xonim bilan uchrashdi. Muloqotlarda suv sohasiga innovatsion yondashuvlarni joriy etish va amaliy tajriba almashinuvini faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Janubiy Koreyaning K-Water korporatsiyasi suv resurslarini kompleks boshqarish, suv omborlari va kanallarni qurish hamda modernizatsiya qilish, aholi va sanoatni suv bilan ta’minlash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha katta tajribaga ega davlat korporatsiyasidir. O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirligi vakillari bir necha bor K-Water korporatsiyasiga tashrif buyurib, koreyaliklarning tajribasini o‘rganishgan.
Osiyo suv kengashiga 2015-yilda Janubiy Koreya tashabbusi bilan asos solingan. Bugungi kunda 26 ta mamlakatdan 170 dan ortiq ishtirokchini birlashtirgan ushbu kengash suv tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish hamda suv xo‘jaligi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston 2025-yilda mazkur kengashga a’zo bo‘ldi.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi suv xo‘jaligi hamkorligining amaliy natijalari haqida so‘z ketganda, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi – KOICA granti hisobidan amalga oshirilgan “O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida suv resurslarini integral boshqarish bosh rejasi va pilot loyihasi”ni alohida qayd etish joiz.
2016–2018-yillarda amalga oshirilgan loyiha doirasida 61 ta yirik suv xo‘jaligi obyektiga suv sarfini onlayn kuzatish imkonini beruvchi “Aqlli suv” qurilmalari, 15 ta kichik meteostansiya va kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Shuningdek, Suv resurslari monitoringi markazi tashkil etildi. Bu esa suvning harakati va hajmini, shuningdek, obyektlardagi vaziyatni tezkor kuzatish hamda boshqaruv qarorlarini aniq ma’lumotlar asosida qabul qilish imkoniyatini kengaytirdi.
Hamkorlikning navbatdagi muhim yo‘nalishi Koreya qishloq birlashmasi korporatsiyasi (KRC) bilan Koreyaning Taraqqiyotga rasmiy yordam (ODA) dasturi doirasida “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi suvlari Bosh rejasini ishlab chiqish” loyihasini amalga oshirish bilan bog‘liq.
Umumiy qiymati 8 million AQSh dollari bo‘lgan mazkur grant loyihasini 2027–2030-yillarda, 48 oy davomida amalga oshirish rejalashtirilgan. Uning asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan barqaror foydalanish va ularni kompleks boshqarish Bosh rejasini ishlab chiqish, shuningdek, Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida zamonaviy suv xo‘jaligi yechimlarini joriy etishdan iborat.
Pilot loyiha doirasida Boyovut tumanidagi irrigatsiya tarmoqlarini betonlashtirish, suvni o‘lchash va boshqarish jarayonlariga raqamli qurilmalarni joriy etish, gidrotexnik inshootlarni avtomatlashtirish nazarda tutilgan. Bu yerda amalga oshiriladigan zamonaviy yechimlar kelgusida mamlakatimizning boshqa hududlariga ham keng tatbiq etilishi mumkin.
Shuningdek, soha mutaxassislarining kasbiy salohiyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston va Janubiy Koreyada treninglar, seminarlar hamda o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Loyihaga tayyorgarlik doirasida Koreya delegatsiyasi 2025-yilning avgust va oktabr oylarida O‘zbekistonda dala-tadqiqot ishlarini olib bordi. Boyovut tumanida kanallarni betonlashtirish, raqamlashtirish va avtomatlashtirish bo‘yicha vazirlik takliflari o‘rganilib, Koreya tomonidan ma’qullandi. Loyiha Koreya Respublikasi Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qishloq ishlari vazirligi ichki komissiyasi tasdig‘idan muvaffaqiyatli o‘tib, ODA dasturi doirasida 8 million AQSH dollari miqdorida beg‘araz yordam ajratilishi ma’qullandi.
Bugun suvni samarali boshqarish uchun uning har bir kub metrini aniq hisobga olish zarur. Manbada qancha suv bor, kanalga qancha suv olindi, yo‘lda qancha yo‘qotildi va iste’molchiga qancha suv yetkazib berildi – bu ma’lumotlarni real vaqt rejimida ko‘rib borish zamonaviy boshqaruvning asosiy shartidir.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligining eng muhim istiqbollaridan biri – alohida qurilmalarni o‘rnatishdan yagona raqamli suv ekotizimini shakllantirishga o‘tishdir.
Kelgusida suv omborlari, gidrouzellar, kanallar, nasos stansiyalari, gidropostlar va meliorativ kuzatuv quduqlaridan olinadigan ma’lumotlarni yagona platformada birlashtirish maqsadga muvofiq. Sun’iy intellekt yordamida suvga bo‘lgan talabni prognozlash, suv oqimidagi o‘zgarishlarni oldindan aniqlash, nosozliklar yoki ortiqcha yo‘qotishlar haqida avtomatik ogohlantirish tizimlarini joriy etish mumkin.
Biroq eng zamonaviy qurilma va dasturiy ta’minot ham uni boshqaradigan malakali mutaxassissiz kutilgan natijani bermaydi. Shu bois O‘zbekiston–Janubiy Koreya suv hamkorligining markazida inson kapitali turishi zarur.
Bu borada qo‘shma seminarlar va malaka oshirish dasturlari muntazam tashkil etilmoqda. Masalan, 2026-yil 20–24-iyul kunlari Janubiy Koreya Respublikasida suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish, suv ta’minoti tizimlaridagi yo‘qotishlarni kamaytirish, oqova suvlarni tozalash va qayta foydalanish hamda zamonaviy raqamli texnologiyalarni suv xo‘jaligiga joriy etishga bag‘ishlangan xalqaro o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
O‘quv dasturida Suv xo‘jaligini raqamlashtirish va monitoring markazi hamda Markaziy dispetcherlik bo‘limi mutaxassislari ishtirok etdi.
Seminar davomida suv resurslarini boshqarishda ma’lumotlarni tezkor yig‘ish, qayta ishlash va tahlil qilish, suv obyektlari faoliyatini masofadan nazorat qilish hamda boshqaruv qarorlarini raqamli ma’lumotlar asosida qabul qilish bo‘yicha Janubiy Koreya tajribasi o‘rganildi.
Ishtirokchilarga suv resurslarini boshqarish jarayonida Digital Twin, sun’iy intellekt, avtomatlashtirilgan monitoring va ma’lumotlar tahliliga asoslangan texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari namoyish etildi.
O‘zbekiston–Janubiy Koreya suv hamkorligi faqat texnologiyalar almashinuvi bilan cheklanmaydi. Bu — tabiiy resurslarga mas’uliyatli munosabat, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga birgalikda yechim topish, malakali kadrlar tayyorlash va aholi farovonligiga xizmat qiladigan yangi taraqqiyot modelidir.
Zero, suvni asrash yo‘lidagi hamkorlik – kelajakni asrash yo‘lidagi hamkorlikdir.
Shuhrat Suyunov,
Suv xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmati boshlig‘i
