Suv resurslaridan oqilona foydalanish – taraqqiyot va suv xavfsizligining strategik omili
2026-09-14 09:55:00 / Yangiliklar

Bu yo‘nalishdagi ishlarning huquqiy va strategik asoslari ham izchil mustahkamlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025–2028-yillarga mo‘ljallangan dasturi sohadagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Prezidentimizning 2026-yil 16-fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF–22-sonli Farmonida ham suv xo‘jaligi tizimi oldiga muhim vazifalar qo‘yilgan.
Ushbu vazifalar ijrosini tizimli tashkil etish maqsadida Suv xo‘jaligi vazirligida tegishli ishchi guruh tuzilib, “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar ijrosi doimiy nazoratga olinib, amalga oshirilgan ishlar har chorak yakuni bo‘yicha vazirlik Hay’ati yig‘ilishlarida muhokama qilib borilmoqda.
Amaliy natijalar ham salmoqli. Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun jami 1 trillion 344 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Natijada 640,2 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar tatbiq etildi. Jumladan, 138,4 ming gektarda tomchilatib, 26,7 ming gektarda yomg‘irlatib, 107,4 ming gektarda diskret va egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi. Yana 64,8 ming gektarda egatga plyonka to‘shab sug‘orish usuli qo‘llanildi, 302,9 ming gektar yer maydoni lazerli tekislandi.
Suv xo‘jaligi infratuzilmasini yangilash borasida ham keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda. Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 308 ta loyiha doirasida 1 trillion 482 milliard so‘m o‘zlashtirildi. Bu mablag‘lar evaziga 20 kilometr lotok tarmog‘i, 33 kilometr yopiq sug‘orish quvuri rekonstruksiya qilindi, 29 ta gidrotexnika inshootida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, jami 744 kilometr kanal, jumladan, Davlat budjeti hisobidan 730 kilometr hamda Hukumat kafolati ostidagi kreditlar hisobiga 14 kilometr kanal betonlashtirildi.
Yerlarning meliorativ holatini yaxshilashda ochiq kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq tizimga o‘tkazish alohida ahamiyatga ega. Shu maqsadda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2026–2028-yillarda 10 ming kilometr ochiq drenaj va kollektor tarmoqlarini yopiq-yotiq drenaj tizimiga o‘tkazish dasturi ishlab chiqilgan. Joriy yilning o‘zida 1 350 kilometr tarmoqni yopiq tizimga o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu ishlar birinchi navbatda Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlarida amalga oshiriladi. Ayni paytda Andijon viloyatining Baliqchi tumanida 39 kilometrdan ziyod ochiq kollektor tarmog‘i yopiq tizimga o‘tkazildi.
Sohada energiya samaradorligini oshirish va muqobil energiya manbalaridan foydalanish ham ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Suv xo‘jaligi vazirligi va Germaniyaning “Leman SWMS Investment” konsorsiumi o‘rtasida yirik investitsiya loyihasi bo‘yicha elektr energiyasini xarid qilish to‘g‘risida bitim imzolandi. Loyiha 9 ta maydonda umumiy quvvati 800 MVtgacha bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari va sig‘imi 400 MVt·soatgacha bo‘lgan akkumulyatorli energiya saqlash tizimlarini barpo etishni nazarda tutadi. Uning amalga oshirilishi nasos infratuzilmasini modernizatsiya qilish, elektr energiyasi sarfini kamaytirish va tizimning barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.
Suv masalasida qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yil 15-may kuni Namangan shahrida suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasi Qo‘shma komissiyasining 8-yig‘ilishi o‘tkazilib, vegetatsiya davrida suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv taqsimoti bo‘yicha kelishilgan choralarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
7-avgust kuni Qozog‘istonning Turkiston shahrida Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining 94-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Amudaryo va Sirdaryo havzalarida 2026-yilgi vegetatsiya davri uchun suv olish limitlari, suv omborlarining ish rejimlari, suv resurslaridan samarali foydalanish va davlatlar o‘rtasida axborot almashinuvini yanada takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yangi yer maydonlarini foydalanishga kiritish va mavjud maydonlarning suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ham aniq choralar ko‘rilmoqda. Irrigatsiya-melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish doirasida 9 kilometr sug‘orish va 8 kilometr kollektor tarmog‘i qurildi, 91 ta quduq barpo etildi hamda 42 ta nasos agregati o‘rnatildi. Shuningdek, 220 kilometr irrigatsiya va 33 kilometr melioratsiya tarmog‘ida ta’mirlash ishlari bajarildi.
Eng muhim natijalardan biri – suv tejamkorligi. 2026-yil sug‘orish mavsumi uchun respublika bo‘yicha iqtisodiyot tarmoqlariga jami 32 milliard 652 million kub metr, shundan sug‘orish tadbirlari uchun 29 milliard 406 million kub metr suv olish limiti ajratilgan. Joriy yilning 1 sentabr holatiga 10 milliard 807 million kub metr suv resurslari yetkazib berilgan.
Vazirlik tomonidan respublika bo‘yicha 2026-yil davomida suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga 11 mlrd. kub metr suvni iqtisod qilish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Bunda, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va yerlarni lazerli tekislash hisobidan 5 mlrd. kub metr, irrigatsiya tarmoqlarida ta’mirlash-tiklash va betonlash tadbirlari amalga oshirish hisobidan 3 mlrd. 279 mln. kub metr, sohada raqamli texnologiyalarni joriy etish hisobidan 707 mln. kub metr, suv kam talab qiladigan ekinlar ulushini ko‘paytirish, ekin maydonlarida qo‘shimcha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish orqali 2 mlrd. 14 mln. kub metr suv tejash rejalashtirildi.
Buning natijasida, Qoraqalpog‘iston respublikasi va viloyatlarda 2026 yilning yanvar-avgust oylarida, quyidagi tadbirlarni amalga oshirish hisobiga 9,457 mlrd. kub metr suv tejalishiga erishildi. Xususan:
- suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va yerlarni lazer tekislash orqali – 4 mlrd. 565 mln. kub metr;
- irrigatsiya tarmoqlarida ta’mirlash-tiklash va betonlashtirish tadbirlarini amalga oshirish orqali – 2 mlrd. 663 mln. kub metr;
- raqamli texnologiyalarni joriy qilish orqali – 545 mln. kub metr;
- kam suv talab qiladigan ekinlar ulushini ko‘paytirish, ekin maydonlarida qo‘shimcha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish hisobidan – 1 mlrd. 684 mln. kub metr suv tejalishiga erishildi.
Bugun suv xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati faqat kanallarni betonlashtirish yoki yangi texnologiyalarni joriy etish bilangina cheklanmaydi. Eng asosiy maqsad – suvning har bir kub metrini hisobga oladigan, uni manbadan iste’molchigacha samarali boshqaradigan, zamonaviy texnologiyalar va ilmiy yondashuvlarga tayangan barqaror tizimni shakllantirishdir.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish – qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ekologik barqarorlikni mustahkamlash va aholi farovonligini yuksaltirishning muhim shartidir. Shu ma’noda, bugun suv xo‘jaligida amalga oshirilayotgan har bir loyiha va tejalgan har bir kub metr suv mamlakatimizning ertangi taraqqiyotiga qo‘shilgan amaliy hissadir.
A.Xasanov,
Strategik rejalashtirish va axborot-tahlil
bo‘limi bosh mutaxassisi
