Islom taraqqiyot banki vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi
2026-09-09 17:45:00 / Yangiliklar

Muloqotda O‘zbekiston va Islom taraqqiyot banki o‘rtasida suv xo‘jaligi sohasida shakllangan hamkorlikning bugungi holati, amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Tomonlar mamlakatimizda suv resurslaridan samarali foydalanish, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, sug‘orish tarmoqlarining texnik holatini yaxshilash hamda sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish borasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini qayd etdilar.
Uchrashuvda “Xorazm viloyatida Toshsoqa tizimidagi magistral sug‘orish kanallarini qayta tiklash (2-bosqich)” loyihasiga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, loyihani moliyalashtirish, qarz bitimini imzolashga tayyorgarlik ko‘rish va uni amaliy bosqichga olib chiqish bilan bog‘liq masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, suv xo‘jaligi infratuzilmasini takomillashtirishga qaratilgan yangi istiqbolli investitsiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Islom taraqqiyot banki o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, amaldagi loyihalar ijrosini jadallashtirish va yangi investitsiya tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.
Shuningdek, Toshsoqa tizimini qayta tiklash loyihasi bo‘yicha qarz bitimini joriy yil yakuniga qadar imzolash hamda loyiha doirasida amaliy ishlarni boshlash yuzasidan kelishib olindi.
Axborot xizmati

