ILM VA LATOFAT UYG‘UNLIGI
2026-09-09 18:00:00 / Yangiliklar

Inson qalbi bilan hazillashmang Siz,
Unda ona yashar, yashaydi Vatan.
Uni jo‘n narsa deb o‘ylamang hargiz,
Hayhot! Qo‘zg‘almasin bu Qalb daf’atan!..
O‘zbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripovning “Inson qalbi” she’rini o‘qir ekanman, ko‘z oldimga bugun qutlug‘ yoshini qarshi olayotgan texnika fanlari doktori, professor Malika Rahimberdiyevna Ikramova gavdalanadi.
Suv xo‘jaligi murakkab muhandislik tafakkuri, aniq hisob-kitob va katta mas’uliyat talab etadigan soha. Bu yo‘nalishda yuqori ilmiy darajaga erishgan ayol olimalar esa ko‘p emas. Malika Ikramova ana shunday kam sonli, ilmiy salohiyati va amaliy natijalari bilan alohida o‘rin egallagan olimalardan biridir.
Uni yaqindan bilganlar, avvalo, vazminligi, fikrining teranligi va samimiyatini ta’kidlaydi. Malika Rahimberdiyevnada olimga xos talabchanlik bilan ayolga xos nafosat, qat’iyat bilan muloyimlik, bilim bilan kamtarlik uyg‘unlashgan.
Malika Ikramova 1956-yil 10-sentyabrda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida ziyoli oilada tug‘ilgan. 1978-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini imtiyozli diplom bilan tamomlab, muhandis-gidrotexnik mutaxassisligini egallagan.
Mehnat faoliyatini o‘sha yili SANIIRIda kichik ilmiy xodim sifatida boshladi. Keyin oliy ta’lim tizimida laboratoriya mudiri, assistent, katta o‘qituvchi va dotsent sifatida faoliyat yuritdi. Bu yillar uning ilmda toblangan, nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirishga o‘rgangan davri bo‘ldi.
Uning ilmiy izlanishlari daryo o‘zanlaridagi jarayonlar, gidravlika, suv olish inshootlari, suv omborlarining ish rejimi va suv resurslarini kompleks boshqarish kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oldi. 1991-yilda nomzodlik dissertatsiyasini, 2019-yilda esa “Tekislik daryolari oqim hajmini boshqarish va daryo o‘zanining qayta shakllanishi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Uning rahbarligi va ishtirokida bajarilgan tadqiqotlar Amudaryo, Zarafshon, Chirchiq–Ohangaron, Amu–Qashqadaryo, Amu–Surxon va Amu–Buxoro kabi yirik suv xo‘jaligi tizimlarida qo‘llandi. Daryolardan suv olishni takomillashtirish, suv omborlarining ish rejimini ilmiy asosda boshqarish, geoaxborot texnologiyalari va kompyuter dasturlari orqali suv resurslarini hisobga olish bo‘yicha ishlanmalar amaliy samara berdi.
Malika Ikramovaning ilmiy merosi 160 dan ortiq ilmiy maqola, ma’ruza, monografiya, darslik, o‘quv qo‘llanmalari hamda 16 dan ortiq ixtiro va dasturlarda o‘z ifodasini topgan.
Uning tashabbusi va ishtirokida 15 dan ortiq gidrotexnik inshoot ta’mirlandi, rekonstruksiya qilindi yoki yangidan qurildi, 50 ta “aqlli suv” gidroposti o‘rnatildi. Zamonaviy suv o‘lchash asboblarini amaliyotga joriy etish, suv tejovchi texnologiyalarni targ‘ib qilishda ham uning munosib hissasi bor.
Malika Ikramovaning ilmiy faoliyati O‘zbekiston doirasi bilan cheklanmagan. U BMT Taraqqiyot dasturi, FAO, Yevropa Ittifoqi, Osiyo taraqqiyot banki, GIZ, CAREC kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar loyihalarida mutaxassis, maslahatchi, ekspert va rahbar sifatida ishtirok etgan. Bu orqali O‘zbekiston suv xo‘jaligi ilmining salohiyatini xalqaro miqyosda ham munosib namoyon etdi.
Malika Rahimberdiyevnaning latofati faqat tashqi ko‘rinishda emas. Chin latofat uning muomalasida, odamni tinglay bilishida, munosabati va odobida namoyon bo‘ladi. Uning vazminligida mag‘rurlik yo‘q, talabchanligida qo‘pollik, bilimdonligida o‘zini ko‘z-ko‘z qilish yo‘q.
Malika Rahimberdiyevnada havas qilsa arziydigan yana bir jihat bor: kasb va ayollik fazilatlari bir-birini to‘ldirgan. U katta olim bo‘lib ham samimiy, talabchan bo‘lib ham muloyim, yuksak ilmiy martabaga erishib ham kamtarin qolish mumkinligini o‘z hayoti bilan ko‘rsatib kelmoqda.
Malika Ikramovaning hayot yo‘li ilmga kirib kelayotgan yosh qizlar uchun ham go‘zal ibrat: ayol kishi ilmda yuksak cho‘qqilarni zabt etishi, murakkab muhandislik sohasida o‘z o‘rnini topishi va ayni paytda samimiyati, nazokati hamda ayollik latofatini asrab qolishi mumkin.
Shunday insonlarga kishi havas qiladi.
Malika Rahimberdiyevna Ikramovaning hayot yo‘li ana shunday mazmunli va nurli umrning go‘zal namunasidir.
Shuhrat Suyunov
