Suv xo‘jaligini raqamlashtirishda yoshlar va xotin-qizlarning o‘rni
2026-09-09 10:25:00 / Yangiliklar

Tadbir YEXHTning suv resurslarini boshqarishda yoshlar ishtiroki va xotin-qizlar yetakchiligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mintaqaviy faoliyati doirasida tashkil etildi. Unda Shveysariya va Italiya elchilari, YEXHT vakillari, Markaziy Osiyodagi akademik hamda ilmiy muassasalar mutaxassislari, shuningdek, yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad Markaziy Osiyoning yosh mutaxassislari uchun tajriba va bilim almashish imkonini beradigan transchegaraviy ta’lim platformasini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti professori Malika Ikramova “O‘zbekiston suv xo‘jaligini raqamlashtirishda fan, ta’lim va muhandislik sohalari integratsiyasi: xotin-qizlar va yoshlarning asosiy roli” mavzusida taqdimot qildi.
Taqdimotda suv xo‘jaligini raqamlashtirishda olimlar, muhandislar va yosh dasturchilar hamkorligining ahamiyatiga e’tibor qaratildi. Xususan, suv harakatini ilmiy modellashtirish, gidrotexnik inshootlarga oid ma’lumotlarni raqamlashtirish va ularni mobil axborot tizimlariga joylashtirish imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, yoshlarning innovatsion ishlanmalarini amaliyotga joriy etish, startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularni suv xo‘jaligidagi mavjud muammolar yechimiga yo‘naltirish zarurligi ta’kidlandi.
Muloqotlar davomida Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi ilm-fan, raqamli ma’lumotlar, zamonaviy texnologiyalar va inson kapitalini o‘zaro uyg‘unlashtirishga bog‘liq ekani qayd etildi. Ilmiy natijalarni algoritmlarga, ma’lumotlarni amaliy qarorlarga, istiqbolli g‘oyalarni esa tayyor startap loyihalariga aylantirish bo‘yicha fikr almashildi.
Axborot xizmati

