Yangi qonun Prezident Administratsiyasi faoliyatida nimani o‘zgartiradi?
2026-09-03 11:25:00 / Yangiliklar

Qonun Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi, vazifalari, vakolatlari hamda davlat organlari bilan hamkorlik qilish tartibini belgilab beradi.
Qonunga ko‘ra, Prezident Administratsiyasi Prezidentning davlat boshlig‘i sifatidagi vakolatlarini amalga oshirishni tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlaydigan, shuningdek davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishi va hamkorligiga ko‘maklashadigan davlat organi hisoblanadi.
Demak, Administratsiyaning vazifasi faqat Prezident faoliyatini tashkiliy jihatdan ta’minlash bilan cheklanmaydi. U davlat boshqaruvining turli bo‘g‘inlari o‘rtasidagi hamkorlik va muvofiqlikni ta’minlashda ham muhim o‘rin tutadi.
Asosiy vazifalar nimalardan iborat?
Konstitutsiyaviy qonun Administratsiya zimmasiga bir qator muhim vazifalarni yuklaydi.
Jumladan, u davlat hokimiyati organlarining o‘zaro hamkorligiga ko‘maklashadi, Prezident vakolatlarini amalga oshirishni tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlaydi.
Shuningdek, qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash, inson huquq va erkinliklariga rioya etish, sud-huquq tizimini isloh qilish, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirishda ishtirok etadi.
Ichki va tashqi siyosatning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqotni tashkil etish ham Administratsiyaning muhim vazifalari qatorida belgilangan.
Ijro intizomiga e’tibor Davlat boshqaruvida qaror qabul qilishning o‘zi yetarli emas – uning amalda bajarilishi ham muhim.
Shu bois qonunda Prezident hujjatlari va topshiriqlarining ijrosini monitoring qilish hamda ularning bajarilishini tashkil etish bilan bog‘liq vakolatlar ham belgilangan.
Bu davlat boshqaruvida ijro intizomini kuchaytirish va qabul qilingan qarorlarning natijadorligini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Fuqarolar bilan ochiq muloqot Qonun aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot masalasiga ham e’tibor qaratadi.
Fuqarolar va yuridik shaxslarning Prezidentga murojaat qilish huquqini amalga oshirishi uchun zarur sharoitlarni ta’minlashga ko‘maklashish Administratsiyaning vazifalaridan biri sifatida belgilangan.
Bu davlat organlari va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni yanada samarali tashkil etish uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Qonunchilikda o‘zgartishlar
Yangi Konstitutsiyaviy qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga ham tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonuniga Prezident Administratsiyasi Rahbarining farmoyishlariga oid tegishli normalar kiritilishi nazarda tutilgan.
Bu qonunning ta’siri faqat Administratsiya faoliyati bilan cheklanmasdan, amaldagi qonunchilik tizimiga ham daxldor ekanini ko‘rsatadi.
Qonun Administratsiyaning huquqiy maqomi, vazifalari va vakolatlarini aniq belgilab, davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada tizimlashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Hujjatning samarali amalga oshirilishi davlat boshqaruvida aniqlik, mas’uliyat, muvofiqlik va ijro intizomini kuchaytirish, shuningdek aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqotni rivojlantirishga xizmat qilishi, shubhasiz.
Begzod Rajabov,
Suv xo‘jaligi vazirligi
Yuridik xizmat va murojaatlar
bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i
