SUV XO‘JALIGI XODIMLARIGA BAYRAM TABRIGI
2026-08-29 11:10:00 / Yangiliklar

Qadrli suv xo‘jaligi xodimlari! Aziz hamkasblar!
Mamlakatimizning ko‘p ming sonli suvchilar jamoasini, muhtaram faxriylarimizni, soha xodimlarining oila a’zolari va yaqinlarini, butun xalqimizni eng ulug‘ va aziz bayramimiz — jonajon Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Mustaqillik — xalqimizning asriy orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqargan, o‘z taqdiri va kelajagini o‘zi belgilash imkonini bergan bebaho ne’matdir.
Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarda inson qadri, xalq manfaati va kelajak avlodlar farovonligi ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Suv resurslarini asrash va oqilona boshqarish masalasining davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani esa barchamizga katta mas’uliyat yuklaydi.
Suv — hayot manbai, uning o‘rnini hech qanday resurs bosa olmaydi.
Joriy yil boshidan buyon sug‘orish ishlari uchun 32,7 milliard
kub metr suv yetkazib berildi. 676 kilometr kanal va 20 ming kilometr ichki sug‘orish tarmoqlari betonlashtirildi.
640 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi. 200 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejaldi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 9 milliard kub metr suv iqtisod qilindi.
Bu raqamlar ortida minglab suvchilarning mashaqqatli va fidokorona mehnati mujassam. Sug‘orish ishlarining o‘z vaqtida tashkil etilgani g‘alladan mo‘l hosil yetishtirishga, bozorlarimiz va xalqimiz dasturxoni to‘kinligiga munosib hissa qo‘shdi. Ayni kunlarda bobodehqonlarimiz paxta hosilidan ham katta umid qilmoqda.
Kanallarni betonlashtirish, suv xo‘jaligi obyektlarini raqamlashtirishni davom ettirish, suv hisobini takomillashtirish va resurslarni adolatli taqsimlash orqali ertangi kun uchun suv zaxiralarini yaratishga alohida e’tibor qaratishimiz zarur.
Oldimizda kuzgi-qishki tadbirlarni puxta tashkil etish, tizim samaradorligini yanada oshirishdek muhim vazifalar turibdi. Bu yumushlarni ahillik, fidoyilik va yuksak mas’uliyat bilan birgalikda albatta bajaramiz.
O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksi, Prezidentimizning sohaga doir Farmon va qarorlari faoliyatimizda dasturilamal bo‘lmoqda.
Xalqimizda “Suv keltirgan — elda aziz” degan purma’no naql bor. Ekinlarga hayot, dalalarga baraka olib kelayotgan suvchilar mehnati hamisha el-yurt e’zozida bo‘lgan.
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz Farmoniga muvofiq, Aslankul Karimkulov «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator» faxriy unvoni, Djalg‘asbay Uzakov «Do‘stlik» ordeni, Shoira Turgunova va Baxtiyor Xolmatov «Shuhrat» medali bilan taqdirlandilar. Shuningdek, yuzlab soha fidoyilari «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoniga munosib ko‘rildi.
Bu yuksak e’tirofni butun suv xo‘jaligi tizimi, suvchilarimizning halol va sharafli mehnatiga berilgan yuksak baho deb bilaman.
Aziz suvchilar!
Barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka va osoyishtalik, mas’uliyatli mehnatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Ona Vatanimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz farovon bo‘lsin!
Jonajon O‘zbekistonimiz mustaqilligi abadiy bo‘lsin!
Mustaqilligimizning 35 yilligi barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Xamrayev,
O‘zbekiston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vaziri
2026yyil 29-avgust
