Yagona vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!
2026-08-28 16:40:00 / Yangiliklar

Bugun Suv xo‘jaligi vazirligida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” bosh g‘oyasi ostida tashkil etilgan tadbirda Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev, vazir o‘rinbosarlari, vazirlik markaziy apparati xodimlari, respublika tashkilotlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari hamda hududiy suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbar va mutaxassislari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirni boshqargan Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev mustaqillik yillarida yurtimizda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, ayniqsa, keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonni barpo etish, inson qadrini ulug‘lash va xalq farovonligini yuksaltirish borasidagi keng ko‘lamli islohotlarning ahamiyati haqida to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, bugun suv masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni samarali boshqarish mamlakatimiz taraqqiyoti va kelajagini belgilab beruvchi muhim yo‘nalishlardan biriga aylandi.
So‘nggi yillarda suvni tejash, uning har bir tomchisidan samarali foydalanish, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, kanallarni betonlash, nasos stansiyalarini yangilash, sohani raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu o‘zgarishlar va natijalar zamirida esa minglab suvchilarning kunu tungi mashaqqatli mehnati, kasbiga sadoqati va yurt oldidagi mas’uliyati mujassam.
Tadbirda mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida suv xo‘jaligi sohasi vakillari mehnati davlatimiz tomonidan yuksak baholangani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Prezidentimizning 2026-yil 22-avgustdagi Farmoniga muvofiq, Zarafshon magistral tizimidan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Aslankul Karimkulov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator” faxriy unvoni, “Amudaryo” havzasi suv xo‘jaligi birlashmasi Quyidaryo boshqarmasi boshlig‘i Djalg‘asbay Uzakov “Do‘stlik” ordeni, “Shimoliy Farg‘ona” magistral kanali boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shoira Turgunova hamda Chinoz tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi ekskavator mashinisti Baxtiyor Xolmatov “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Shu bilan birga, vazirlik markaziy apparati, tizim tashkilotlari va hududlarda faoliyat yuritayotgan yuzlab soha fidoyilari – rahbar va mutaxassislar, miroblar, gidrotexniklar, nasos stansiyalari xodimlari, mexanizatorlar, ekskavator mashinistlari hamda boshqa kasb egalari “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Vazir davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan hamkasblarni butun suv xo‘jaligi tizimi nomidan samimiy muborakbod etib, bu e’tirof ularning ko‘p yillik halol mehnati va kasbiga sadoqatiga berilgan yuksak baho ekanini ta’kidladi.
Ayni paytda, bu mukofotlar faqatgina alohida xodimlarga emas, balki butun suv xo‘jaligi ahlining mashaqqatli mehnatiga bildirilgan hurmat va ishonch ifodasi sifatida qabul qilinishi qayd etildi.
Suv xo‘jaligi vaziri taqdirlangan barcha soha xodimlarini yana bir bor samimiy qutlab, butun suv xo‘jaligi ahlini va ularning oila a’zolarini eng ulug‘ va eng aziz bayram – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan muborakbod etdi.
Tadbir yakunida vazirlik markaziy apparati va tizim tashkilotlarining bir guruh xodimlariga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Axborot xizmati






