Korrupsiyaga qarshi kurashish – har bir xodimning mas’uliyati
2026-08-28 16:10:00 / Yangiliklar

Tadbirda Jizzax viloyati prokuraturasi katta prokurori Sh.Mamaraximov, bo‘lim prokurorlari U.Ibragimov va M.Akramov, havza boshqarmasi markaziy apparati xodimlari, “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi hamda “Jizzaxsuvqurilishinvest” davlat muassasasi vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida korrupsiyaning davlat boshqaruvi va jamiyat rivojiga salbiy ta’siri, bunday holatlarning oldini olishda har bir xodimning mas’uliyati xususida so‘z bordi. Xizmat vazifalarini bajarishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, belgilangan tartib-taomillarga rioya etish va korrupsion holatlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish zarurligi qayd etildi.
Prokuratura vakillari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi – o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, 168-moddasi – firibgarlik, 210-moddasi – pora olish, 211-moddasi – pora berish, 212-moddasi – pora olish-berishda vositachilik qilish bilan bog‘liq normalar va ular uchun belgilangan javobgarlik yuzasidan tushuntirish berdi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda har bir xodimning huquqiy bilimi va mas’uliyatini oshirish, xizmat faoliyatida qonuniylik, ochiqlik va halollik tamoyillariga amal qilish muhimligi ta’kidlandi.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga prokuratura vakillari javob berdi.
Sirdaryo-Zarafshon ITHB matbuot xizmati


