Butunjahon suv haftaligi: O‘zbekiston xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirmoqda
2026-08-26 11:50:00 / Yangiliklar

25-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Timur Butunbayev Uppsala universiteti Tinchlik va nizolarni o‘rganish departamenti rahbari, professor Ashok Svayn bilan uchrashdi. Muloqotda suv diplomatiyasi bo‘yicha yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, akademik almashinuvni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekistonda “Xalqaro suv diplomatiyasi” magistratura dasturi tashkil etilgani, “Suvchilar maktabi”da esa 90 mingdan ortiq soha mutaxassisi va fermerlar o‘qitilgani qayd etildi.
Shu kuni Uppsala universiteti hamda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti o‘rtasida suv va iqlim diplomatiyasi, transchegaraviy suv hamkorligi, kadrlar tayyorlash va akademik almashinuvni rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ikki universitet o‘rtasida uzoq muddatli ilmiy va ta’lim hamkorligi uchun institutsional asos yaratdi.
Butunjahon suv haftaligi doirasida Timur Butunbayev BMT Universiteti rektori, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, professor Tshilidzi Marvala bilan ham muzokara o‘tkazdi. Tomonlar suv sohasida bilim va tajriba almashish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, mutaxassislar tayyorlash hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ilmiy asoslarini yanada mustahkamlash masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti – IWMI/CGIAR bosh direktori Mark Smit va institutning “Suv, iqtisodiy o‘sish va inklyuzivlik” strategik dasturi direktori Inga Jeykobs-Mata bilan uchrashuvda qishloq xo‘jaligida suv samaradorligini oshirish, ilmiy asoslangan yechimlar va raqamli boshqaruvni joriy etish, suv sohasidagi islohotlarning iqtisodiy samaradorligi hamda aholi farovonligiga ta’sirini baholash bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
IWMI rahbariyati O‘zbekistonda suv sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, mamlakatimizdagi loyihalar global miqyosda ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida institut vakillari joriy yil kuzida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Suvni tejash bo‘yicha xalqaro forumga taklif etildi.
Mazkur uchrashuv va kelishuvlar O‘zbekiston suv masalasini nafaqat milliy taraqqiyot, balki mintaqaviy hamkorlik, ilm-fan va tinchlikni mustahkamlashning muhim omili sifatida ilgari surayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Axborot xizmati



