Suv diplomatiyasi – tinchlik va barqaror taraqqiyot omili
2026-08-25 14:55:00 / Yangiliklar

Global miqyosda suv taqchilligi, iqlim o‘zgarishi, transchegaraviy suvlardan oqilona foydalanish kabi masalalar tobora dolzarblashayotgan bir paytda mazkur muloqot maydonining ahamiyati yanada ortmoqda. Ayniqsa, suv xavfsizligi, suv diplomatiyasi, raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalar, investitsiyalar hamda suv resurslaridan adolatli va barqaror foydalanish masalalari anjuman muhokamalarining markazida turibdi.
Nufuzli tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda. “BMTning 2026-yilgi Suv konferensiyasi: kelajak barpo etiladigan makon” sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Timur Butunbayev mamlakatimizda suv sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, mintaqaviy institutlarni mustahkamlash va malakali kadrlar tayyorlash borasidagi tajriba haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida keyingi yillarda suv masalasi O‘zbekistonda davlat siyosatining strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Suv resurslarini boshqarishning yangi institutsional va huquqiy asoslari yaratildi, Suv kodeksi qabul qilindi, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish ko‘lami kengaydi, infratuzilmani modernizatsiya qilish va sohani raqamlashtirish ishlari izchil davom etmoqda.
Eng muhimi, O‘zbekiston suv masalasiga faqat ichki iqtisodiy yoki ekologik muammo sifatida emas, balki mintaqada tinchlik, o‘zaro ishonch va umumiy farovonlikni ta’minlaydigan muhim omil sifatida yondashmoqda.
Timur Butunbayev ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston uchun suv diplomatiyasi – tinchlik, ishonch va umumiy farovonlikni ta’minlovchi vositadir”. Bunday yondashuv, ayniqsa, suv resurslari umumiy bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari uchun alohida ahamiyatga ega. Shu bois transchegaraviy suvlardan oqilona foydalanish, ishonchli ma’lumotlar almashinuvi va qo‘shma mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Butunjahon suv haftaligi doirasida SIWI ijrochi direktori Xelena Taybel, Yevropa komissiyasining atrof-muhit, suv barqarorligi va raqobatbardosh sirkulyar iqtisodiyot masalalari bo‘yicha komissari Jessika Ruzval, BMT Universitetining Suv resurslari, atrof-muhit va salomatlik instituti – UNU-INWEH direktori, professor Kave Madani va nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkaildi.
Muloqotlarda O‘zbekistonning 2027–2029-yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raisligi davrida mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, raqamli monitoringni rivojlantirish va zamonaviy suv infratuzilmasiga investitsiyalar jalb etish, qo‘shma tadqiqotlar, ekspertlar almashinuvi, mutaxassislar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Anjumanda O‘zbekistonning suv sohasini moliyalashtirish borasidagi tajribasi ham alohida taqdim etildi. Ma’lum qilinganidek, 2026-yil yakuniga qadar O‘zbekistonda suv sohasiga yo‘naltiriladigan xarajatlar Davlat budjetining 4,2 foiziga yetishi kutilmoqda. 2017–2025-yillarda suv xo‘jaligiga ajratiladigan yillik mablag‘lar qariyb to‘rt barobar, ichimlik suvi ta’minotiga yo‘naltirilgan investitsiyalar esa o‘n barobar oshdi.
Bu raqamlar mamlakatimizda suv masalasiga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarganini ko‘rsatadi. Siyosiy iroda, barqaror moliyalashtirish, zamonaviy texnologiya, ilm-fan va malakali kadrlar tayyorlash bir-biri bilan uyg‘unlashgan yagona tizimga aylanmoqda.
Zero, bugungi kunda suv xavfsizligi – shunchaki bir sohaning emas, butun jamiyatning kelajagini belgilaydigan masala. Shu ma’noda O‘zbekiston ilgari surayotgan suv diplomatiyasi, tejamkorlik va mintaqaviy hamjihatlik tamoyillari nafaqat mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Axborot xizmati

