Urgut tumanidagi “G‘ijduvon” kanali foydalanishga topshirildi
2026-08-25 14:50:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari R.Qarshiyev, Samarqand viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Jabborov va boshqalar so‘zga chiqib, keyingi yilarda mamlakatimizdan mavjud suv resurslarini oqilona va samarali boshqarish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish, suvdan foydalanuvchilar, aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga “suv tekin emas” g‘oyasini chuqur singdirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.
Jumladan, keyingi yillarda Urgut tumanida suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlarni suv bilan barqaror ta’minlash, irrigatsiya tarmoqlarini yaxshilash va suv resurslaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi “Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “G‘ijduvon” kanalining 14 kilometr qismi betonlashtirildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida jami 4 ming 200 gektar yer maydonini barqaror suv bilan ta’minlash imkoniyati yaratildi. Jumladan, 153 ta fermer xo‘jaligining 2 ming 400 gektar ekin maydoni hamda 6 ming 885 ta xonadonga tegishli 1 ming 800 gektar tomorqa yerlari suv bilan ta’minlanadi.
Kanalning rekonstruksiya qilinishi Beshyog‘och qishlog‘ida suv ta’minotini yaxshilash, qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini oshirish va aholi tomorqalaridan samarali foydalanishga xizmat qiladi.
Zarafshon ITHB matbuot xizmati








