Surxondaryoda “Eng yaxshi suvchi kitobxon” aniqlandi
2026-08-18 09:35:00 / Yangiliklar

Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad – suv xo‘jaligi xodimlari o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, badiiy hamda sohaga oid adabiyotlarni mutolaa qilishga qiziqishni oshirish, ularning ma’naviy-intellektual salohiyati va dunyoqarashini yanada kengaytirishdan iborat.
Bellashuv davomida ishtirokchilar kitobxonlik darajasi, badiiy adabiyot hamda suv xo‘jaligi sohasiga oid asarlar bo‘yicha bilim va tafakkurlarini namoyon etdilar.
Tanlov yakunlariga ko‘ra 1-o‘ringa – Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi Axborot texnologiyalari va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi Munisa Isanova, 2-o‘ringa – “Amu-Zang” irrigatsiya tizimi boshqarmasi bosh hisobchisi Ahmad Omonqulov, 3-o‘ringa – Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining loyiha-smeta ishlari bo‘yicha katta muhandisi Nigina Jumayeva loyiq deb topildi.
G‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlanib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tanlovning viloyat bosqichida faxrli birinchi o‘rinni egallagan Munisa Isanova endi “Eng yaxshi suvchi kitobxon” tanlovining respublika bosqichida Surxondaryo viloyati sharafini himoya qiladi.
Mazkur tanlov xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, mutolaa madaniyatini rivojlantirish, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, shuningdek, suv xo‘jaligi tizimi xodimlarining ma’naviy va intellektual salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Zero, kitob – bilim manbai, mutolaa esa inson tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltiruvchi beqiyos ma’naviy boylikdir.
Amu-Surxon ITHB Matbuot xizmat




