Mehnat va tashabbusdan yaralgan baraka
2026-08-05 11:55:00 / Yangiliklar

Yosh mutaxassis O‘zbekiston tumanidagi “Tarmoq-2” kanali bo‘yida yordamchi xo‘jalik tashkil etdi. Bu yerda 100 dan ortiq asalari oilasi parvarish qilinib, zamonaviy asalarichilik talablari asosida yuqori natijalarga erishilmoqda.
Mirziyod Muhammadjonov o‘tgan yil oxirida Suv xo‘jaligi vazirligining Suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish boshqarmasida mutaxassis sifatida faoliyatini boshladi. U asos solgan asalarichilik tarmog‘i esa yildan yilga kengayib bormoqda.
Bu yilgi mavsumda har bir asalari oilasidan o‘rtacha 7 kilogrammdan mahsulot olinib, jami 700 kilogramm tabiiy asal yetishtirildi. Yetishtirilgan mahsulotning bir qismi Sirdaryo-So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi hamda O‘zbekiston tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi xodimlariga bozorga nisbatan arzonroq narxlarda yetkazib berilmoqda.
Vazirlik tizimida bunday tashabbuskor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning innovatsion g‘oyalari va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish, qo‘shimcha daromad manbalarini yaratishga ko‘maklashish bundan buyon ham ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qoladi. Zero, mehnatsevar, bilimli va tashabbuskor yoshlar – Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi va kelajak taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.
Sirdaryo-So‘x ITHB matbuot xizmat



