“Aq-jap” kanali tantanali ravishda foydalanishga topshirildi
2026-08-04 16:35:00 / Yangiliklar

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining agrar, suv xo‘jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi A.Jumanazarov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupov hamda Sho‘manay tumani hokimi A.Ametov ishtirok etdi.
Tadbirning ochilishida ta’kidlanganidek, bugungi kunda mintaqamizda suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj yil sayin ortib borayotgan, iqlim o‘zgarishi va suv taqchilligi tobora dolzarb masalaga aylangan sharoitda suvdan oqilona va samarali foydalanish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Davlatimiz rahbari muhtaram Shavkat Mirziyoyev rahbarligida suv xo‘jaligi tizimini modernizatsiya qilish, irrigatsiya infratuzilmasini yangilash va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Ana shu islohotlarning amaliy natijalaridan biri sifatida 1947-yilda foydalanishga topshirilgan “Aq-jap” kanalida keng qamrovli rekonstruksiya ishlari bajarildi. Uzoq yillar davomida kapital ta’mirlanmagan kanalning texnik holati yomonlashib, gidravlik parametrlari o‘zgargan, suv o‘tkazish quvvati pasaygan edi. Bu esa katta hajmda suvning yo‘qotilishiga sabab bo‘lib, kanalning foydali ish koeffitsiyenti 40–45 foizgacha tushib ketgan, suvdan foydalanish koeffitsiyenti esa 0,60 ni tashkil etgan.
Loyiha doirasida kanalning 8 kilometr qismi to‘liq betonlashtirildi, bosh suv olish inshooti, 3 ta suv to‘suvchi gidrotexnik inshoot hamda 40 ta suv olish inshooti rekonstruksiya qilindi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida suvdan foydalanish koeffitsiyenti 0,60 dan 0,95 gacha oshirildi. Buning hisobiga Sho‘manay tumanidagi 25 ta fermer xo‘jaligining 4 ming 265 gektar sug‘oriladigan yer maydoni va 2 ming 850 ta aholi tomorqasining suv ta’minoti sezilarli darajada yaxshilandi. Shuningdek, har yili o‘rtacha 3,7 million kub metr suv resurslarini tejash hamda sug‘orish tizimida suvni samarali boshqarish imkoniyati yaratildi.
Kanallarni betonlashtirish suv xo‘jaligida eng samarali muhandislik yechimlaridan biri hisoblanadi. Beton qoplama orqali suvning yerga shimilib ketishi keskin kamayadi, filtratsiya yo‘qotishlari bartaraf etiladi, suv belgilangan hajmda va qisqa muddatda iste’molchilarga yetkazib beriladi. Bu nafaqat suv tejalishini ta’minlaydi, balki nasos uskunalari va sug‘orish tizimlari samaradorligini oshirish, ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytirish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga ham xizmat qiladi.
Bu kabi loyihalar, ayniqsa, suv resurslari cheklangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun alohida ahamiyatga ega. Amudaryo havzasida suv oqimining o‘zgaruvchanligi, iqlim o‘zgarishi ta’siri va Orolbo‘yi hududining tabiiy sharoitini hisobga olganda, har bir tomchi suvdan samarali foydalanish ustuvor vazifaga aylanmoqda. Shu bois irrigatsiya tarmoqlarini betonlashtirish suv yo‘qotishlarini kamaytirish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini barqaror suv bilan ta’minlash, fermerlar daromadini oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-martdagi tegishli qaroriga muvofiq, “Aq-jap” kanalidan suv oluvchi “Jetinshi jap” kanalining 1,2 kilometr qismini betonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi suvdan foydalanish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Kelgusida fermer xo‘jaliklari va boshqa suv iste’molchilari tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish orqali suv resurslaridan yanada samarali foydalanish ta’minlanadi. Bu esa qo‘shimcha 370 gektar yer maydonlarini o‘zlashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror suv ta’minotini ta’minlashga mustahkam zamin yaratadi.
“Aq-jap” kanali rekonstruksiyasining yakunlanib, mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida foydalanishga topshirilishi mamlakatimizda suv resurslarini asrash, zamonaviy irrigatsiya infratuzilmasini shakllantirish va qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning yana bir amaliy natijasi bo‘ldi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati





