FERMERLARGA TOMCHILATIB SUG‘ORISH AFZALLIKLARI TUSHUNTIRILDI
2024-08-30 15:00:00 / Yangiliklar

Seminar qatnashchilariga «Azizbek Alik o‘g‘li» fermer xo‘jaligining 14 gektar paxtazorida joriy qilingan tomchilatib sug‘orish qanday samara bergani ko‘rsatildi. Jamoa a’zolari g‘o‘zalarini o‘n martagacha tomchilatib sug‘organi evaziga g‘o‘zalar g‘ovlab ketmagan, har tup g‘o‘zada 20 tadan bo‘liq ko‘sak yaratilgan. Bunga g‘o‘za bir maromda suv ichgani asosiy omil bo‘lgan.
Fermer xo‘jaligi rahbari yig‘ilganlarga nafaqat suv tejalgani, shu bilan birga o‘g‘it, texnika xarajatlari ham ancha kamayganini ta’kidlab, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini dalasiga o‘rnatish uchun kredit ajratish, elektr liniyasi tortib kelishda deyarli muammo bo‘lmaganligini, boz ustiga yil yakunida texnologiya xarajatlarining bir qismi subsidiya tarzida qaytarilishini aytib, tomchilatib sug‘orish har jihatdan samarali ekanligini qayd etdi.
Seminar yakunida tuman «Suv yetkazib berish xizmati» DM rahbari H.Rahmonov yig‘ilganlarga hademay kuzgi g‘alla ekish boshlanishi, kelgusida g‘allazorlarini yomg‘irlatib sug‘orishni istovchi fermer xo‘jaliklari hozirdan buyurtma berib, kredit masalasini hal qilib yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy etishga kirishishlari lozimligi yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini aytib o‘tdi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati


