“KARYERA KUNI” – YOSHLARNING KASBIY FAOLIYATIGA MUSTAHKAM POYDEVOR
2026-07-29 11:25:00 / Yangiliklar

Tadbirda yoshlarga tizim tashkilotlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish tartibi, kasbiy rivojlanish istiqbollari va sohada yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti Qurilish va irrigatsiya fakulteti dekani A.Butayorov yoshlarga oliy ta’lim muassasasida egallagan nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, zamonaviy irrigatsiya va melioratsiya yo‘nalishlarida malakali mutaxassis sifatida faoliyat yuritish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Mehnat yarmarkasida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti hamda Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining suv xo‘jaligi yo‘nalishlarini tamomlagan 58 nafar bitiruvchi ishtirok etdi.
Yarmarka davomida bitiruvchilar suv xo‘jaligi tizimi tashkilotlari rahbarlari va mutaxassislari bilan bevosita suhbatdan o‘tib, o‘z bilim va kasbiy salohiyatini namoyon etdi. Ochiq muloqot jarayonida ularning malakasi, amaliy tayyorgarligi hamda kelgusi mehnat faoliyati istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir yakunida 14 nafar bitiruvchi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga qabul qilinib, ular bilan belgilangan tartibda mehnat shartnomalari rasmiylashtirildi.
“Karyera kuni” mehnat yarmarkasi yoshlar bandligini ta’minlash, ularni suv xo‘jaligi tizimiga keng jalb etish hamda sohani zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega malakali kadrlar bilan mustahkamlash yo‘lidagi muhim amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.
Bunday tadbirlar ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, yosh mutaxassislarning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda ularning mehnat bozoriga muvaffaqiyatli kirib kelishiga xizmat qiladi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati



