TILGA EHTIROM, KITOBGA MUHABBAT — SUVCHILAR MA’NAVIYATINING MUSTAHKAM TAYANCHI
2026-07-30 15:45:00 / Yangiliklar

O‘zbekistonda davlat tilining nufuzini yuksaltirish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ma’naviy muhitni yanada mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2026-yil 1-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori bilan muhim vazifalar belgilab berildi.
Mazkur hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda mamlakatimizdagi barcha irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarida amalga oshirilayotgan ishlar joyiga chiqqan holda o‘rganilmoqda. Bu safarlar oddiy monitoring emas, balki sohada davlat tilini qo‘llash madaniyatini yanada takomillashtirish, ma’naviy muhitni yuksaltirish va kitobxonlik an’analarini kuchaytirishga qaratilgan amaliy muloqot maydoniga aylanmoqda.
Navbatdagi ishchi tashriflar davomida Xorazm va Navoiy viloyatlaridagi suv xo‘jaligi tizimi tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar bilan ochiq va samimiy uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlar chog‘ida soha xodimlarining fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari tinglandi, davlat tilining nufuzini yanada oshirish, hujjatlar yuritish madaniyati hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar yuzasidan mavjud muammolar muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.
Ayniqsa, tashkilotlarda davlat tili me’yorlariga so‘zsiz rioya qilinishi, rasmiy hujjatlar va axborot materiallarining adabiy til talablari asosida yuritilishiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, har bir muassasada xodimlar ma’naviyatini boyitishga xizmat qiluvchi “Ma’naviyat xonasi” hamda Axborot-resurs markazlarining mavjudligi o‘rganildi. Ularning moddiy-texnik bazasi, kitob fondi, xodimlar tomonidan foydalanish darajasi tahlil qilinib, mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Bugungi kunda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, intellektual salohiyatni oshirish va ma’naviy tarbiyani kuchaytirish soha rivojining muhim omillaridan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, “Eng yaxshi suvchi kitobxon” tanlovini yuksak saviyada tashkil etish masalasi ham uchrashuvlarning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Tanlovning har bir hududda namunaviy tarzda o‘tkazilishi, badiiy adabiyotlar ro‘yxatini mazmunli va to‘g‘ri shakllantirish, ishtirokchilarni xolis baholash mezonlari yuzasidan mas’ullar bilan kelishib olindi.
Shu bilan birga, tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish uchun Nizom talablari mas’ullarga batafsil tushuntirilib, har bir ishtirokchi belgilangan tartib va mezonlar asosida puxta tayyorgarlik ko‘rishi lozimligi ta’kidlandi. Bu esa tanlovning shaffofligi va yuqori saviyada o‘tishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Bunday uchrashuvlar va o‘rganishlar suv xo‘jaligi tizimida davlat tiliga bo‘lgan ehtiromni yanada mustahkamlash, kitobxonlik muhitini kengaytirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bilan birga, jamoalarda yagona maqsad sari intilish, milliy qadriyatlarga sadoqat va Vatan taraqqiyoti uchun mas’uliyat tuyg‘usini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Ishchi guruhning navbatdagi manzili – Samarqand viloyati. Bu yerda ham suv xo‘jaligi tashkilotlarida davlat tili siyosati, ma’naviy-ma’rifiy ishlar, kitobxonlikni rivojlantirish hamda Prezident hujjatlarida belgilangan vazifalar ijrosi atroflicha o‘rganilib, amaliy tavsiyalar berilishi rejalashtirilgan.
Davlat tiliga ehtirom, kitobga muhabbat va yuksak ma’naviyat – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam tayanchi hisoblanadi. Bu yo‘lda suv xo‘jaligi tizimi xodimlari ham munosib hissa qo‘shib, Prezidentimiz belgilab bergan ezgu maqsadlarni amalga oshirishda faol ishtirok etayotgani har qanday e’tirofga munosibdir.
N. Karimova,
Vazirning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi




