SUV XO‘JALIGI TIZIMI YOSHLARI BILAN OCHIQ MULOQOT O‘TKAZILDI
2026-07-30 12:55:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan haftaning har payshanba kuni «Yoshlar kuni» etib belgilangani munosabati bilan vazirlik va tizim tashkilotlarida yosh xodimlarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni qiynayotgan masalalarni o‘rganish hamda yoshlar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Onlayn va oflayn shaklda tashkil etilgan navbatdagi muloqotda Suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, respublika va hududiy tizim tashkilotlarining yosh xodimlari, shuningdek, «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universitetining bitiruvchi talabalari qatnashdi.
Uchrashuvda suv xo‘jaligi sohasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish borasida bajarilgan ishlar, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi.
Suv xo‘jaligi vazirining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Asilbek Tursunaliyevning hisoboti tinglandi.
Ta’kidlanganidek, ayni paytda vazirlik tizimida 34 ming nafarga yaqin xodim mehnat qilmoqda. Ularning 6 ming nafardan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Keyingi uch yil davomida sohaga 1 ming 330 nafar oliy ma’lumotli yosh mutaxassis ishga qabul qilingan. Bugungi kunda istiqbolli va tashabbuskor yoshlarning 315 nafardan ortig‘i rahbarlik lavozimlarida, 200 nafardan ziyodi esa bo‘lim boshlig‘i sifatida faoliyat yuritmoqda.
Muloqot davomida tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. Suv xo‘jaligi vazirining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi vazifasida ishlab kelgan A.Tursunaliyev boshqa mas’ul lavozimga tayinlangani munosabati bilan vazirlikning yangi yoshlar yetakchisi saylandi.
Suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Nurmuhammad Xolmurodovning nomzodi ishtirokchilar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.
Yangi yoshlar yetakchisi o‘ziga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirib, kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar va tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.
Xususan, 2026-yil yakuniga qadar vazirlik tizimiga kamida 1 000 nafar yosh mutaxassisni jalb qilish, oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, bitiruvchilar uchun ochiq tanlovlar, mehnat yarmarkalari va stajirovka dasturlarini kengaytirish rejalashtirilgani qayd etildi.
Shuningdek, yangi ishga qabul qilingan yoshlarga tajribali mutaxassislarni «Ustoz–mentor» tizimi asosida biriktirish, innovatsion g‘oya va tashabbuslarga ega yoshlarni aniqlash hamda qo‘llab-quvvatlash, ularning xorijiy tillar, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt bo‘yicha bilimlarini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Iqtidorli yoshlarni ilmiy-tadqiqot ishlari, innovatsion loyihalar va ratsionalizatorlik faoliyatiga keng jalb qilish, ularning ilmiy maqolalari, ishlanmalari va yangi tashabbuslarini rag‘batlantirish ham asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi.
Bundan tashqari, yosh xodimlarning taklif va muammolarini muntazam o‘rganish, ular uchun seminar, trening va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, ma’naviy-ma’rifiy, sport va intellektual tadbirlarni ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Sohada bilimli, tashabbuskor va fidoyi yoshlarning «Oltin zaxirasi»ni shakllantirish hamda ularni kelgusida rahbarlik lavozimlariga tayyorlash yuzasidan vazirlik rahbariyatiga tegishli takliflar kiritib boriladi.
Ochiq muloqotda yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar tinglanib, ularni amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilab berildi.
Tadbir yoshlarni suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarda yanada faol ishtirok etishga, bilim va salohiyatini muntazam oshirishga hamda tizim taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga undadi.
Axborot xizmati








