SUV XO‘JALIGI YOSHLARI VAZIRGA TAKLIF BILAN CHIQDI
2026-07-16 12:40:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan Suv xo‘jaligi vazirligining faol yoshlari muloqot o‘tkazdi. Unda faol yoshlar Suv xo‘jaligi vaziriga kiritish uchun taklif va tashabbuslarni ishlab chiqib, muhokama qildilar. Muhokamalarda vazirlikning yoshlar bilan ishlash yuklatilgan mas’ullari ham ishtirok etdi.
Asilbek Tursunaliyev yetakchiligida yoshlarning taklif va tashabbuslari shulardan iborat bo‘ldi:
Birinchisi, vazirlikdagi kutubxonaning faqat ish soatlarida emas, kechayu-kunduz, dam olish kunlarida ham ochiq bo‘lishini ta’minlash.
Ikkinchisi, vazirlikdagi kutubxonani siyosiy, ijtimoiy, badiiy adabiyotlar bilan boyitish.
Uchinchisi, “Eng yaxshi suvchi kitobxon” tanloviga suv xo‘jaligining barcha yoshlarini qamrab olish orqali ularda kitob o‘qishga qiziqishni yanada kuchaytirish.
To‘rtinchisi, “Mustaqillik bayramiga mening hissam” ruknini tashkil qilish va OAVda suvchi yoshlar faoliyatini yoritib borish.
Beshinchisi, tizimda faoliyat yuritayotgan 100 nafar iqtidorli yoshlarni aniqlash va saralashni tezlashtirish va yana 400 nafar iqtidorli yoshlar zaxirasini shakllantirish. Tashkilot rahbarlarining zaxiraga kirgan yoshlarni rag‘batlantirish, ularga o‘z ustida ishlashi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, rahbarlik lavozimlariga nomzod tavsiya etishda yoshlarga ustuvorlik berilishini yo‘lga qo‘yish.
Muhokamalardan so‘ng vazirning Ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nodira Karimova kitob mutolaasi bo‘yicha yoshlarga tavsiyalarini berdi. Barchani vazirlikdagi kutubxonani boyitish uchun hissa qo‘shishga da’vat qildi. Shaxsiy namuna ko‘rsatib, 10 ta kitob sovg‘a qildi.
Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘limi boshlig‘i Dilafro‘z Alikulova kitobni xodimlarga yaqinlashtirish maqsadida vazirlik binosi birinchi qavatidagi “Kitoblar burchagi”dan tashqari to‘rtinchi qavatda ham shunday maskan tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. Xodimlar dam olish vaqtlarida mutolaa bilan shug‘ullanishi uchun bu yerni divan va stol-stullar bilan jihozlash fikrini bildirdi.
Muloqot ishtirokchilari vazirlikdagi siyosiy, ijtimoiy, badiiy adabiyotlar kutubxonasi, “Kitoblar burchagi” hamda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy kutubxonasini ko‘zdan kechirib, barchalari kitob mutolaasini kundalik odatga aylantirishni, milliy kutubxona va boshqa kitob maskanlariga tez-tez borib turishni maslahatlashib oldilar.
Axborot xizmati







