ISMITI ILMIY XODIMLAR POLSHADA STAJIROVKA O‘TAMOQDA
2026-07-13 10:00:00 / Yangiliklar

Stajirovka institut va Green Crops Polska Sp. z o.o. o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi asosida tashkil etilgan. Ushbu hujjat tomonlar o‘rtasida ilmiy-tadqiqot aloqalarini rivojlantirish, suv resurslarini boshqarish, ularni zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida hisobga olish bo‘yicha tajriba va axborot almashish, shuningdek, yosh olim va tadqiqotchilar uchun qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.
Amaliyot davomida har bir ilmiy xodimga “Ustoz-shogird” tamoyili asosida kompaniyaning tajribali mutaxassisi biriktirilgan. Tadqiqotchilar bevosita ishlab chiqarish jarayonlarida qatnashib, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarining amaliyotda qanday qo‘llanilishini o‘rganmoqda.
Xususan, ilmiy xodimlar ekinlarni tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish, ushbu texnologiyalarni sho‘rlangan yerlarda qo‘llash, suv resurslarini samarali boshqarish hamda raqamli texnologiyalar asosida suv hisobini yuritish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini oshirmoqda.
Stajirovka faqat xorijiy tajribani o‘rganish bilan cheklanmayapti. O‘zbekistonlik tadqiqotchilar ham qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suvdan samarali foydalanish bo‘yicha o‘z ilmiy ishlanma va tavsiyalarini polshalik mutaxassislar bilan o‘rtoqlashib, hamkorlikda tadqiqotlar olib bormoqda.
Stajirovka yakunida o‘rganilgan ilg‘or tajriba va texnologik yechimlarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish, suv tejovchi sug‘orish usullarini takomillashtirish hamda suv resurslarini boshqarish va hisobga olish bo‘yicha yangi ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Axborot xizmati


