SUV XO‘JALIGI TIZIMI XODIMLARI PROFILAKTIK TIBBIY KO‘RIKDAN O‘TKAZILDI
2026-07-10 17:05:00 / Yangiliklar

Tibbiy ko‘rik Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi huzuridagi Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining mobil tibbiy klinikasi tomonidan o‘tkazildi.
Ko‘rikning asosiy maqsadi – xodimlar salomatligini muntazam nazorat qilish, mavjud kasalliklarni erta bosqichda aniqlash, ularning oldini olish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida terapevt, ginekolog-mammolog shifokorlar, shuningdek, laboratoriya mutaxassislari tomonidan xodimlarning salomatlik holati kompleks o‘rganildi. Jumladan, umumiy sog‘liq holati, yurak-qon tomir tizimi, qon bosimi va boshqa muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha tegishli tekshiruvlar amalga oshirildi, zarur laboratoriya tahlillari o‘tkazildi.
– Xodimlar salomatligini muhofaza qilish, ularni belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turish va ish joyida sog‘lom mehnat muhitini yaratish ish beruvchining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi, – deydi vazirning ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nodira Karimova. – Shu jihatdan, mobil tibbiy klinikaning zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangani tekshiruvlarni bevosita ish joyining o‘zida tashkil etish imkonini berdi. Natijada xodimlar ortiqcha vaqt sarflamasdan, malakali mutaxassislar ko‘rigidan o‘tib, salomatligi holati yuzasidan zarur tavsiyalar olish imkoniga ega bo‘ldi.
Tadbir doirasida tibbiy madaniyat va shaxsiy gigiyenaga oid tushuntirish ishlari ham olib borildi. Xodimlarga salomatligiga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish, yuqumli va boshqa kasalliklarning oldini olish, stress va asabiy zo‘riqishni kamaytirish, jismoniy faollikni oshirish, to‘g‘ri ovqatlanish hamda ish va dam olish tartibiga rioya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Axborot xizmati






