XITOY SUV RESURSLARI VAZIRLIGI VAKILI BILAN UCHRASHUV O‘TKAZILDI
2026-07-10 09:15:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda davlat rahbarlarining o‘zaro ishonchga asoslangan strategik sherikligi tufayli yuksak bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Qayd etilganidek, mazkur munosabatlar suv xo‘jaligi sohasida ham izchil rivojlanib, amaliy natijalar bermoqda.
So‘nggi yillarda suv resurslarini boshqarish, sohani raqamlashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish va mutaxassislar tayyorlash yo‘nalishlarida samarali hamkorlik amalga oshirilmoqda.
Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti hamda Xitoy Suv resurslari vazirligi tizimidagi Xuanxe daryosi havzasi loyihalash, qidiruv va ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni alohida e’tirof etdilar. Bugungi kunda ushbu hamkorlik doirasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda, sun’iy intellekt asosidagi zamonaviy sug‘orish texnologiyalari joriy etilmoqda hamda O‘zbekistonda Mintaqaviy suv resurslarini boshqarish ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilyapti.
Muzokaralar chog‘ida suv xo‘jaligini raqamlashtirish, suv resurslarini samarali boshqarish, iqlim o‘zgarishi sharoitida suv xavfsizligini ta’minlash, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish hamda mutaxassislar malakasini oshirish sohalarida yangi yo‘nalishlar va rejalar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi suv xo‘jaligi sohasidagi strategik sheriklikni izchil mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tajriba almashish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Shuningdek, Xitoy tomoni joriy yil kuzda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Butunjahon suv tejash forumi va Water Tech Expo 2026 xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif etildi.
Xitoy tomoni Butunjahon suv tejash forumi va Water Tech Expo 2026 tadbirlarida faol ishtirok etishga tayyor ekanligini bildirdi.
Axborot xizmat

