SUVNI ISROF QILMAYLIK!
2026-07-09 15:10:00 / Yangiliklar

Suvni isrof qilishdan qaytargan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam suvdan foydalanishda juda ehtiyotkor bo‘lganlar va ummatlarini ham isrofdan qaytarganlar.
Rivoyat qilinishicha, Rasululloh tahorat qilayotgan bir odamning oldidan o‘tayotib: “Bu qanday isrof?”, dedilar.
Sa’d roziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?”, deb so‘radilar.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ha, hatto oqar daryo bo‘yida tahorat qilayotgan bo‘lsang ham”, dedilar.
Bu hadis Islomda suvni behuda sarflash qanchalik yomon amal ekanini ko‘rsatadi.
Suv biz insonlar uchun omonatdir. Har bir ne’mat uchun Qiyomat kunida hisob beriladi. Suv ham ana shunday ne’matlardandir. Uni ifloslantirish, behuda oqizish yoki isrof qilish Alloh bergan omonatga xiyonatdir.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Yenglar, ichinglar, lekin isrof qilmanglar. Albatta, U isrof qiluvchilarni sevmas”.
Bu oyat faqat ovqat emas, barcha ne’matlar, jumladan, suvni ham meyorida ishlatishga da’vat qiladi.
Suvni asrash – kelajakni asrashdir, deydi dono xalqimiz. Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik va suv manbalarining kamayishi insoniyat oldidagi jiddiy muammolardan biridir. Agar har bir inson bir tomchi suvni ham qadrlasa, millionlab litr suv tejaladi. Shunday ekan, suvni isrof qilmaylik, uni pok saqlaylik va kelajak avlodlarga sog‘-omon yetkazishga harakat qilaylik!
Alloh taolo bizlarni ne’matlarining qadriga yetadigan, shukr qiladigan va isrofdan yiroq bandalaridan qilsin.
Muhammadshokir BOBOXO‘JAYEV,
Norin tumanidagi Umarxo‘ja eshon jome’ masjidi imom xatibi.
(“Qishloq hayoti” gazetasining 2026-yil 9-iyuldagi 28 (9400)-sonidan olindi.)
