OCHIQ SUV HAVZALARIDA CHO‘MILISH ZARARLI
2026-07-09 15:05:00 / Yangiliklar

Bu xavf nimalardan iborat? Avvalo, daryo va kanal suvlari sanitariya talablariga javob bermaydi. Bunday suvlarda mikrobiologik ko‘rsatkichlar meyordan oshib ketishi mumkin. Natijada, cho‘milishdan keyin insonlarda ichburug‘, dizenteriya, gepatit A kabi kasalliklar tarqalishi xavfi kuchayib ketadi.
Shuningdek, daryo, ko‘l va kanallarda parazitologik xavflar ham mavjud. Jumladan, ochiq suvlarda gelmintlar va amyobalar uchraydi. Patogen mikroorganizmlar mavjud suv cho‘milish uchun mutlaqo yaroqsiz hisoblanadi.
Fiziologik xavflariga ko‘ra esa kanal va daryolardagi kuchli oqim cho‘kish xavfini oshiradi va suv harorati keskin o‘zgarishi yurak-qon tomir tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun daryo, kanal va soylarda cho‘milishdan saqlaning! Faqat sanitariya talablariga javob beruvchi maxsus tashkil etilgan plyaj va basseynlarda cho‘milish tavsiya etiladi.
Aholi orasida suv xavfsizligi madaniyatini oshirish, bolalarni ochiq suv havzalarida nazoratsiz qoldirishdan saqlanish lozim. Bu turli ko‘ngilsiz va fojiali holatlarning oldini olibgina qolmasdan, aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklar tarqalishiga ham qarshi choradir.
Murodjon AHMADALIYEV,
Sanitariya epidemiologik-osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Namangan viloyati boshqarmasi sanitariya-gigiyena laboratoriyasi mudiri.
(“Qishloq hayoti” gazetasining 2026-yil 25-iyundagi 27 (9399)-sonidan olindi.)
