SUV XO‘JALIGI VAZIRI SENATDA HISOBOT BERDI
2024-08-16 15:45:00 / Yangiliklar

Keyingi yillarda Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan suv xo‘jaligi sohasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilda Prezidentimiz suv xo‘jaligi uchun ikkita muhim hujjatni imzoladilar.
Birinchisi – 5 yanvar kuni qabul qilingan “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5-son qaror bilan 155 ta tuman irrigatsiya bo‘limlari hamda 161 ta suv xo‘jaligi maxsus xizmatlari tugatilib, ularning negizida 159 ta “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tashkil qilindi.
Quyi bo‘g‘in xodimlarning maoshi ikki baravarga oshirildi, har bir muassasaga zarur moddiy sharoitlar yaratib berildi, shu jumladan, 150 mlrd so‘m mablag‘ hisobiga 102 ta ekskavator xarid qilindi.
Bu omillar, shubhasiz, o‘z samarasini berib kelmoqda. Misol uchun, joriy yilning 7 oyi mobaynida dalalargacha yetkazib berilgan qariyb 14 mlrd kub metr suv to‘g‘risidagi ma’lumotlar soliq organlariga taqdim etildi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, shu paytgacha bu ko‘rsatkich 8 mlrd kub metrdan oshmagan.
Shu bilan birga, quyi bo‘g‘inga professional, yetuk yosh kadrlarni jalb qilish imkoni paydo bo‘ldi.
Ikkinchisi – 7 maydagi “Suv xo‘jaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash to‘g‘risida”gi PF–74-son Farmon bilan suv xo‘jaligi boshqaruvi o‘rta va yuqori bo‘g‘inlarga ajratildi. Bu borada:
o‘rta bo‘g‘in – suv obyektlarini ekspluatatsiya qilish, qurish hamda sohaga bozor mexanizmlarini olib kirishga;
yuqori bo‘g‘in esa – davlat suv siyosatini yuritish borasida regulyator funksiyalarini amalga oshirishga mas’ul etib belgilandi.
Shu o‘rinda o‘rta va yuqori bo‘g‘in xodimlarining ham maoshi bosqichma-bosqich 60 foizgacha oshirilishi belgilandi.
Vazirning axborotida keltirilishicha, joriy yilning o‘tgan davrida jami 4,4 mlrd kub metr suv resurslari iqtisod qilindi, shundan, 1,4 mlrd kub metr qismi 296 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish, 1,5 mlrd kub metri suv kam talab qiladigan ekinlar ulushini ko‘paytirish hamda qo‘shimcha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, 1,5 mlrd kub metri esa sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash va boshqa tadbirlarni amalga oshirish hisobiga tejaldi.
Mazkur tadbirlar suv obyektlarining tabiiy holatini va ekologik muvozanatni saqlashga yordam bermoqda.
Irrigatsiya-melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha jami 912 mlrd so‘m mablag‘lar o‘zlashtirilishi hisobiga irrigatsiya yo‘nalishida 496 km kanal, 32 km lotok tarmoqlari, 14 dona gidrotexnik inshoot, 28 ta sug‘orish qudug‘i, 2 km bosimli quvurlar qurish va rekonstruksiya qilish hamda 5 km qirg‘oq himoya ishlari, melioratsiya yo‘nalishida 195,3 km ochiq kollektor tarmoqlari, 67,6 km yopiq-yotiq drenaj tarmoqlari, 21 dona gidrotexnik inshoot, 58 dona tik drenaj qudug‘i, 345 dona kuzatuv quduqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bajarildi.
11 446 ta (62%) suv xo‘jaligi obyektida “Aqlli suv”,
6 953 ta (111,2%) “Dayver”, 1709 ta (101%) nasos “onlayn” nazorat qilish qurilmasi o‘rnatilib, 67 ta (111%) yirik suv xo‘jaligi obyektlari avtomatlashtirildi. Davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida 500 ta suv xo‘jaligi obyektlarini (268 ta nasos stansiya va 232 ta tik quduq) boshqaruvga oladigan xususiy sheriklar aniqlanilib, loyihaga tegishli xulosa olish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim qilingan.
Xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirilayotgan 8 ta loyiha doirasida 170 mln AQSh dollari miqdoridagi xorijiy kredit va grant mablag‘lari (rejaga nisbatan 100%) o‘zlashtirildi. Ushbu mablag‘lar hisobiga 184,1 km uzunlikdagi kanallar rekonstruksiya qilindi, shundan 154,1 km kanallar betonlashtirildi, 211 dona gidrotexnik inshoot rekonstruksiya qilindi, 60 ta nasos stansiyasi modernizatsiya qilindi, 139 ta nasos agregati yangisiga almashtirildi.
Joriy yilda nasos stansiyalar va tik quduqlarni ishlatishga ajratilgan qariyb
4 mlrd kVt/soat ajratilgan limitga nisbatan 180 mln kVt/soat elektr energiyasi tejalishga erishildi.
Qishloq xo‘jaligida suv sarfini qisqartirish, irrigatsiya tizimlaridagi nosozliklarni bartaraf etish, umumiy suv yo‘qotishlarini kamaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, suvdan foydalanish madaniyatini oshirish, jamoatchilikka “suv tekin emas” g‘oyasini singdirish ishlariga e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.
Muhokamadan so‘ng ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Axborot xizmati


