SUV XO‘JALIGI SOHASIDA KORRUPSIYANING OLDINI OLISH MASALALARI TANQIDIY MUHOKAMA QILINDI
2026-06-26 14:40:00 / Yangiliklar

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining holati hududlar va sohalar kesimida tizimli o‘rganib kelinmoqda. Shu kunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Namangan, Surxondaryo, Xorazm va Samarqand viloyatlari, shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklarida sayyor muhokamalar o‘tkazilgan.
Bu galgi majlisda esa Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida korrupsiyaning oldini olish masalalari tanqidiy ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, suv mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiy barqarorligi uchun muhim strategik resurs hisoblanadi. Shu bois sohada davlat mablag‘laridan samarali foydalanish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiya xavflarini bartaraf etish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Tadbirda suv xo‘jaligi sohasida korrupsiyaning oldini olish, davlat mablag‘laridan samarali foydalanish, raqamlashtirishni jadallashtirish, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish hamda sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Muhokama jarayonida budjet mablag‘larini talon-toroj qilish, suv tejovchi texnologiyalar uchun ajratilgan subsidiyalardan noqonuniy foydalanish, suv fondi yerlarini boshqarishdagi qonunbuzarliklar, raqamlashtirish ishlarining sustligi hamda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, o‘rnatilgan “Aqlli suv” qurilmalarining katta qismi bugungi kunga qadar to‘liq samarali ishlamayotgani tanqid qilindi.
Majlisda korrupsiyaga qarshi kurashishda asosiy e’tibor alohida huquqbuzarliklarga emas, balki ularni keltirib chiqarayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilishi lozimligi ta’kidlandi.
Majlis yakunida Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga muhokama jarayonida bildirilgan takliflar asosida 10 kun muddatda sohada korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda Milliy kengashga kiritish vazifasi yuklatildi.
Axborot xizmati








