SUVCHI YOSHLAR BILAN UCHRASHUV SAMARALI BO‘LDI
2026-06-25 11:55:00 / Yangiliklar

Bugun Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpo‘latov vazirlik markaziy apparati hamda tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan yoshlar bilan onlayn ochiq muloqot o‘tkazdi.
Ta’kidlandiki, Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib, ularning xorijiy tillar va kasb-hunarga o‘rgatish, sportga jalb etish, g‘oya, loyiha hamda startaplariga ko‘mak berish, ularni ishli va daromadli qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Vazirlik tizimida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib, har yili 500 nafardan ziyod yosh mutaxassislar ishga qabul qilinayotir. Joriy yil boshidan 381 nafar oliy ta’lim bitiruvchilari ishga qabul qilindi. Bu ko‘rsatkichni 20 avgustga qadar 1000 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Yosh xodimlarning 3 677 nafari yoki 61 foizi oliy ma’lumotli. Ulardan 315 nafari rahbarlik lavozimlarida, 196 nafardan ortig‘i bo‘lim boshlig‘i lavozimida faoliyat olib bormoqda.
Vazirlik tizimida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida suv xo‘jaligi ob’ektlaridagi mavjud imkoniyatlardan unumli foydalangan holda yordamchi xo‘jaliklar tashkil etib, qo‘shimcha daromad manbalari yaratilmoqda.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan Bo‘ston tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi suv nazoratchisi Shukrullo Tojiddinov xo‘jaliklararo kollektor bo‘yida terak ekib parvarishlayotganligini, hozirda baliqchilikni yo‘lga qo‘yishga ham kirishganligini, “Asaka-Adir” nasos stansiyasi mutaxassisi Muhammadyusuf Mamasoliyev 0,5 gektar maydonda o‘rdakchilikni yo‘lga qo‘yganligini, Qiziltepa tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi Suv resurslaridan foydalanish bo‘limi yetakchisi mutaxassisi Diyor Tursunov “Xazormex” suvchilar uyi hududida 100 ta quyon, 50 ta tovuq hamda 10 quti asalari borayotganligini ta’kidlab, bu borada erishayotgan natija va tajribalarini gapirib berdi.
Uchrashuvda vazirlik rahbariyati yoshlarning har qanday tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyor ekanligi qayd etildi.
Axborot xizmati




