YAXSHI KUNDA HAM, QUVONCHU-TASHVISHDA HAM SUV – HAMROHIMIZ
2026-06-25 09:55:00 / Yangiliklar

Tarixning ham, bugungi zamonning ham har lahzasida suvning o‘rni bor.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining muzeyini tomosha qilar ekanman, Katta Farg‘ona kanali qurilishi haqidagi ekspozitsiyani ko‘rib, to‘lqinlanib ketdim. Suv hayotimizning ajralmas qismi ekani haqidagi fikrlar o‘sha yerda ko‘nglimdan o‘tdi.
O‘zbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Eshmirza Abdualimovni ko‘pchilik taniydi. Shu kishining taklifi bilan agrosanoat majmuidagi tarmoq sohalarni yorituvchi jurnalistlar, blogerlar va soha vazirliklarining matbuot kotiblari Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Malaka oshirish markaziga yig‘ildik.
Salom-alik, ishtirokchilar o‘zaro tanishuvdan so‘ng Kasaba uyushmalari muzeyini tomosha qildik. 120 yillik tarixni o‘zida jamlagan bu maskan 1905-yilda Turkiston o‘lkasida kasaba uyushmalarining tashkil etilishidan Yangi O‘zbekistonning Kasaba uyushmalari faoliyatigacha bo‘lgan davr haqida hikoya qiladi. Muzeychilikning eng zamonaviy jihozlari va vositalaridan foydalanilgan bu maskanni kelib ko‘rishni hamma soha vakillariga tavsiya etgan bo‘lardim. Va bu yerga kelgan kishi bir-ikki soat davomida ko‘plab ma’lumotlar va ulkan taassurotlar bilan chiqishiga aminman. Darvoqe, muzeyda suv xo‘jaligiga daxldor Katta Farg‘ona kanali qurilishidan boshqa eksponatlar ham bor.
Misol uchun, Mirzacho‘lni o‘zlashtirishga kelgan andijonlik ko‘ngilli yoshlarning 1949-yil 14-fevralda olingan fotosurati.
Cho‘lni o‘zlashtirish uchun eng avvalo nima kerak bo‘ladi? To‘g‘ri topdingiz, SUV. Cho‘lni o‘zlashtiruvchilar ishni suv keltirishdan boshlagan. Shu kabi boshqa eksponatlardan ham hamma o‘ziga qiziq ma’lumotlarni topishi mumkin.
Muzey tomoshasidan so‘ng “Yangi O‘zbekiston – yangi kasaba uyushmalari” mavzusida taqdimot tinglandi. Unda qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi islohotlar, ularning samarasi, bu jarayonlarda mehnat muhofazasi, kasaba uyushmalari a’zolarining huquqlarini ta’minlash masalalari haqida ham so‘z yuritildi.
27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni. Tadbirda jurnalistlar, blogerlar va Axborot xizmati xodimlari taqdirlandi va mehmonlar bayram dasturxoniga taklif etildi.
Bu tadbir agrosanoat tarmoqlari va yo‘nalishlarini yorituvchi ijodkorlarni bir davraga chorlagan, jipslashtiradigan, ular bir-birlarini ko‘rganda, ko‘rishganda yaxshi xotiralar bilan eslab yuradigan muhim uchrashuv bo‘ldi.
Shuhrat Suyunov,
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi



