GERMANIYANING “LEMAN SWMS INVESTMENT” KONSORSIUMI BILAN 19 TA NASOS STANSIYASINI MODERNIZATSIYA QILISH BO‘YICHA BITIM IMZOLANDI
2026-06-19 15:35:00 / Yangiliklar

Ushbu bitim O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasining maqsad va ustuvor yo‘nalishlari doirasida amalga oshirilayotgan “19 ta yirik nasos stansiyasini modernizatsiya qilish, Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalarining o‘z ehtiyojlari uchun elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida quyosh elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini qurish” investitsiya loyihasining energetika tarkibiy qismini tashkil etadi.
Loyiha doirasida qariyb 940 mln. AQSh dollari miqdorida investitsiyalarni jalb etish nazarda tutilgan bo‘lib, u nasos stansiyalarining energiya samaradorligini oshirish, davlat budjetiga tushadigan yuklamani kamaytirish, zamonaviy suv infratuzilmasini rivojlantirish hamda nasos stansiyalarining energiyaga bo‘lgan ehtiyojlarini qoplashda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirishga qaratilgan.
2027–2030-yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan loyiha doirasida zamonaviy texnologik va muhandislik yechimlari, jumladan, Germaniyaning “PSE Engineering GmbH” kompaniyasi tomonidan taqdim etiladigan muhandislik ishlanmalari, Germaniyaning “SMA Solar GmbH” kompaniyasi invertor uskunalaridan, shuningdek, quyosh elektr stansiyalari uchun poydevorlar va treker tizimlari bo‘yicha AQShning “NextPower” kompaniyasi texnologiyalari, shuningdek, “Leman SWMS Investment” konsorsiumining mahalliy hamkori sifatida UET Group (xususan, “O‘ZBEKENERGOTA’MIR” AJ) ishtirokida foydalanish ko‘zda tutilmoqda.
Nasos uskunalarini modernizatsiya qilish jarayonida nasos va unga aloqador uskunalarni ishlab chiqaruvchi bir qator yirik xalqaro ishlab chiqaruvchilar, jumladan, KSB SE & Co. KGaA kompaniyasini jalb etish kutilmoqda.
Loyihani moliyalashtirishda Germaniyaning yirik banklaridan biri hisoblangan DZ Bankni o‘z ichiga olgan Germaniyaning yirik banklari sindikati ishtirok etishi kutilmoqda.
Mazkur loyihaning amalga oshirilishi nasos infratuzilmasini modernizatsiya qilish, suv xo‘jaligi tizimining barqarorligini mustahkamlash hamda sohaga energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Axborot xizmati

