VAZIR OCHIQ MULOQOT VA MATBUOT ANJUMANI O‘TKAZDI
2026-06-19 11:30:00 / Yangiliklar

Tadbir avvalida vazir suv xo‘jaligi sohasida eng muhim yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Global iqlim o‘zgarishlari, haroratning isishi va boshqa omillar ta’sirida, afsuski, so‘nggi yillarda mintaqamizda suv resurslarining kamayishi kuzatilayapti.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida dunyoda suv tanqisligi muammosi tobora dolzarb bo‘lib borayotganini, shu bois islohotlarning ilk kunlaridanoq suvdan oqilona foydalanish davlat siyosati darajasiga olib chiqilganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining ezgu tashabbuslari bilan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, qabul qilingan Farmon va qarorlar ijrosini ta’minlash natijasida mamlakatimizda suv tanqisligi oqibatlarini kamaytirishga, xalqimizni belgilangan muddatlarda va miqdorlarda suv resurslari bilan ta’minlashga erishilmoqda.
2025-yilda 258 ta (217 ta irrigatsiya, 41 ta melioratsiya) obyektida 1 663 mlrd. so‘m mablag‘lar o‘zlashtirilib, 723 km kanallar betonlashtirildi, 158 km sug‘orish (lotok va quvur) tarmoqlari, 303 km kollektor-drenaj tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bajarildi. 20 ming km dan ziyod ichki sug‘orish tarmoqlari betonlashtirildi.
Natijada 364 ming gektar yerlarning suv ta’minoti yaxshilandi, 500 mln. kub metrdan ortiq suv yo‘qotishlarining oldi olindi, 100 ming gektardan ortiq yerlarning meliorativ holati yaxshilandi, sho‘rlangan maydonlar 24 ming gektarga qisqarishiga erishildi.
Shuningdek, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida o‘tgan yili 886 ta loyiha bo‘yicha 1,2 trln. so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, 1 872 km kanallar, 200 km ga yaqin lotok tarmoqlari, 725 ta sug‘orish quduqlari hamda boshqa bir qator irrigatsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bajarildi. Natijada 494 ming 296 ta xonadonning 88 ming gektar tomorqa maydonlarida suv ta’minoti yaxshilandi.
2026-yilda 293 ta (250 ta irrigatsiya, 43 ta melioratsiya) loyiha doirasida qurilish, rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish uchun davlat budjetidan jami 1 981 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan.
Shundan, bugungi kunga qadar 1 040 mlrd. so‘m mablag‘lar o‘zlashtirilib, 586 km kanallarni betonlashtirish, 13,3 km lotok va 21,4 km yopiq sug‘orish quvurlari hamda 170 km uzunlikdagi kollektor drenaj tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi.
Vazir suv tejovchi texnologiyalar, nasos stansiyalarida energiyatejamkorlik, mavjud suv zaxiralari, tizimdagi eng quyi bo‘g‘in bo‘lgan tuman “Suv yetkazib berish xizmatlari” faoliyati, xorijiy investitsiyalar, beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida suv xo‘jaligi sohasida erishilgan kelishuvlar va memorandumlar, suv fondi yerlarini ijaraga berishning yangi mexanizmlari, baliqchilikni rivojlantirish, raqamlashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, kadrlar masalasi, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi, loyiha tashkilotlari, ekspertiza, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik bo‘yicha ma’lumot berdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-avgustda qabul qilingan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro manfaatli ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.
Ochiq muloqotda Jamoatchilik kengashi a’zolari, sohaviy va hududiy fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan tushgan savollarga javob berildi.
Ochiq muloqotda “Yuksalish” umummilliy harakati rais o‘rinbosari Davronbek Lutfiddinov, “Istiqbolli avlod” Respublika ijtimoiy-axborot markazi NNT boshqaruvi raisi o‘rinbosari, Jamoatchilik kengashi a’zosi Shohida Qosimova taklif, mulohazalarini bildirdi.
Matbuot anjumanida “O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi” jurnali bosh muharriri Tohir Doliyev, O‘zA sharhlovchisi Nasiba Ziyodullayeva, “Vaqt.uz” sayti bosh muharriri Ilyosbek Safarov o‘z savollariga vazirdan javob oldi.
Axborot xizmati







