HUDUDLARDAGI MUAMMOLARGA ILMIY YECHIMLAR IZLANADI
2024-08-05 11:15:00 / Yangiliklar
Joriy yil 1-avgust kuni Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamraev Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti jamoasi bilan o‘tkazgan uchrashuvda shu haqda so‘z yuritildi. Unda vazir o‘rinbosarlari, tegishli boshqarma va bo‘lim boshliqlari, Zoom platformasi orqali hududiy suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari, joylardagi ilmiy xodimlar va doktorantlar ishtirok etdi.
- Endi olimlarimiz ham mas’uliyatni chuqur his qilgan holda, tadqiqotlarning amaliy natijalari bilan suv xo‘jaligi rivojiga munosib hissa qo‘shishlari lozim. Professorlardan ham, doktorantlardan ham katta shijoat va amaliy natijadorlik qilish talab etiladi, – dedi Vazir.
Uchrashuvda suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Ismoil Jo‘rabekov ilm va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada takomillashtirish, har bir xodimning kitob o‘qish orqali bilimini oshirib borishini tashkil etish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
Topshiriqqa ko‘ra, 5-avgustdan Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari va doktorantlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga safarga chiqib ketishdi. Ular o‘z yo‘nalishidan kelib chiqib, ilmiy tadqiqotlarini amaliy sharoitda sinovdan o‘tkazishadi. Suv omborlari, kollektor, irrigatsiya tarmoqlari, nasos stansiyalari, suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha hududlardagi muammolarni o‘rganib, ularning yechimi haqida ilmiy takliflar tayyorlaydi.
Axborot xizmati